Jahon | 08:35 / 12.07.2022
11964
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Kiyevning Siemens turbinalari Rossiyaga berilgani bo‘yicha tanqidiga javob qaytardi

Zelenskiy Germaniya va Kanadani Kremlning shantajiga berilmaslikka chaqirdi, Germaniya «Shimoliy oqim» uchun turbinaning taqdim etilishi Yevropa ittifoqi sanksiyalariga kirmasligini bildirdi.

Foto: Picture Alliance

«Shimoliy oqim 1» gaz quvuri uchun Siemens turbinalarini Rossiyaga o‘tkazish Yevropa ittifoqi sanksiyalariga kirmaydi, chunki ular gaz ta’minotiga taalluqli emas. Bu haqda 11 iyul, dushanba kuni Germaniya hukumati vakili ma’lum qildi.

Sanksiyalarni qo‘llashda Yevropa ittifoqi Rossiyaga qaraganda Yevropa ittifoqi va Germaniyaga ko‘proq zarar keltirmasligi kerakligidan kelib chiqadi, dedi u. Avvalroq Germaniya hukumati Kanada bilan Ottava Monrealda ta’mirlanayotgan, «Shimoliy oqim» gaz quvuriga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan turbinani Berlinga o‘tkazishga kelishib olgan edi. Kanada uni Rossiyaga bera olmadi, chunki bu mamlakatga qarshi kiritilgan sanksiyalarni buzadi. 

Kanada turbinani Germaniyaga jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun sanksiyalardan vaqtinchalik istisno qilingan. Germaniya hukumati «agar bu kanadaliklar uchun qonuniy ma’noda qaror qabul qilishni osonlashtirsa», Berlin uskunalarni Moskvaga emas, nemis hamkorlariga topshirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Turbinaning qaytishi Rossiyani gazni standartdan ancha past darajada yetkazib berish bahonasidan mahrum qiladi, deydi Berlindagi rasmiylar.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «sanksiyalardan chiqarib tashlash» qarori Moskvada «zaiflik belgisi» sifatida qabul qilinganini aytdi. «Bu ularning mantig‘i. Endi hech shubha yo‘qki, Rossiya nafaqat Yevropaga gaz yetkazib berishni imkon qadar cheklab qo‘yishga, balki eng og‘ir pallada ularni butunlay to‘xtatishga harakat qiladi», - deya ogohlantirdi Zelenskiy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir yon berish Rossiya rahbariyati tomonidan keyingi, kuchliroq bosim uchun rag‘bat sifatida qabul qilinadi. «Rossiya hech qachon energetika sohasida qoidalarga amal qilmagan va hozir ham kuchni ko‘rmaguncha amal qilmaydi», dedi turbina bo‘yicha qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan Ukraina prezidenti. 

Iyun oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiya «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish hajmini keskin qisqartirdi - loyiha quvvatining 40 foizigacha, bu turbinaning yo‘qligi bilan izohlandi. Keyin Berlin ta’minotning qisqarishiga siyosiy sabablarni asosiy sabab deb bilishini ta’kidladi. 

«Bugun biz Rossiya energiyadan qurol sifatida foydalanayotganini tan olishga majburmiz. Hech kim Rossiya gaz ta’minotini faqat texnik sabablarga ko‘ra kamaytirayotganiga ishonmaydi», - dedi Germaniya kansleri Olaf Shols. 

11 iyuldan 21 iyulgacha «Shimoliy oqim» gaz quvurining ikkala tarmog‘i ham vaqtincha to‘xtatiladi. Nord Stream AG operator kompaniyasi buni «rejalashtirilgan texnik ishlar» bilan izohladi. 

Tarmoqlar bo‘yicha federal agentlik (Bundesnetzagentur, BNetzA) rahbari Klaus Myuller «Shimoliy oqim»dagi profilaktika ishlari siyosiy sabablarga ko‘ra «to‘xtovsiz texnik xizmat ko‘rsatish»ga aylanishi xavfi haqida ogohlantirdi. «Shimoliy oqim» orqali yiliga 55 milliard kubometr gaz o‘tadi. 2021 yilda Germaniya 100 milliard kubometr gaz iste’mol qildi, deya eslatadi Reuters. 

Mavzuga oid