O‘zbekiston | 11:39 / 19.07.2022
12345
2 daqiqa o‘qiladi

237 nafar mehnat migranti Koreya Respublikasiga ishlash uchun yetib bordi

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan fuqarolarimizni malaka talab etilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi bo‘yicha ushbu davlatda ishlash tartibi belgilangan. Mazkur viza orqali yurtdoshlarimiz ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlash uchun yuborilmoqda.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

2020 yilda pandemiya sababli barcha ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlar qatorida, yurtdoshlarimizning ushbu davlatga oqimi sezilarli darajada qisqargan edi. Koreya Respublikasi maxsus komissiyasining qaroriga asosan chet ellik ishchilarni Koreya davlatiga kirishiga ruxsat berilgach, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida pandemiya cheklovlari sharoitida 915 nafar fuqaro tashkiliy tarzda jo‘natildi. 2022 yilning o‘tgan davrida Koreya Respublikasidan mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan fuqarolarning 1896 nafari ish joyiga qaytib ketgan hamda Ye-9 viza turi bo‘yicha 2 ming 200 nafardan ortiq fuqaro tashkiliy tarzda jo‘natildi.

Hozirgi vaqtda ikki davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, ushbu jarayonlar to‘liq tiklandi. Natijada 18 iyul kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali tashkiliy tarzda yangi Ye-9 vizasi va qayta shartnoma asosida 237 nafar mehnat migranti Koreya Respublikasiga kirib bordi.

Yurtdoshlarimiz Inchon xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi hamda Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati vakillari tomonidan kutib olindi.

Vakolatxona xodimlari tomonidan Ye-9 vizasi bilan yangi kirib kelayotgan mehnat migrantlari ish joylarini o‘zgartirmasdan qonuniy ishlashi, mazkur davlatning qonunchiligiga muvofiq faoliyat yuritishi kelgusida o‘zbekistonlik ishchilar uchun talab ortishiga sabab bo‘lishi tushuntirildi.

Mavzuga oid