Jahon | 10:35 / 28.07.2022
15514
3 daqiqa o‘qiladi

Iroqda namoyishchilar parlamentga bostirib kirishdi - fotolar

Chorshanba kuni shialar yetakchisi Muqtada as-Sadraning yuzlab tarafdorlari Bag‘doddagi «Yashil hudud»ga bostirib kirishdi va parlament binosini egallashdi.

Foto: Reuters

Muktada as-Sadra tarafdorlari parlamentga hujum qilish orqali mamlakat bosh vaziri lavozimiga Muhammad as-Sudaniyning nomzodi qo‘yilishiga norozilik bildirdi. Ular Sudaniyni Eronning odami deb hisoblaydi.

27 iyul kuni Iroq o‘z antirekordini yangiladi - 290 kundan buyon to‘laqonli hukumat yo‘q. Avvalgi rekord 289 kunga teng bo‘lib, 2010 yilda qayd etilgandi.

Bu vaqtda binoda deputatlar bo‘lmagan. Foto: AHMED JALIL/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

As-Sadra boshchiligidagi «Sadrchilar harakati» to‘qqiz oy oldin, 2021 yil oktyabrida o‘tkazilgan saylovlarda nisbatan ko‘p ovozlarni qo‘lga kiritgan, ammo hamon hokimiyatga kela olmayapti: yangi hukumat shakllantirish bo‘yicha muzokaralar tomonlarning murosasizligi tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, asosan shialar va kurdlar kelisha olishmayapti.

Parlament binosi qattiq qo‘riqlanadigan «Yashil hudud»da joylashgan, ammo qo‘riqchilar «sadrchilar»ni to‘xtata olmagan, Bag‘doddan kelgan xabarlarga ko‘ra, politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va suv to‘plari qo‘llashi ham olomonning yo‘lini to‘sa olmagan.

Parlamentga bostirib kirilgan vaqtda bu yerda deputatlar bo‘lmagan.

Foto: Getty Images

Hukumat rahbarligi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mustafo al-Qadimiy (u to‘qqiz oydan buyon o‘rniga yangi bosh vazir kelishini kutmoqda) namoyishchilarni binoni tark etishga chaqirgan, ammo sadrchilar uni eshitishmagan va shovqin ko‘tarib, bayroqlarni hilpiratishgan, qo‘shiqlar kuylashgan, raqs tushishgan va kabinetlardagi stollarda yotib suratlarga tushishgan.

Hukumat shakllanmagani tufayli bu yil Iroq budjeti tasdiqlanmagan, infratuzilma loyihalari va islohotlar moliyalashtirilmasdan qolgan.

Politsiyachilar namoyishchilar yo‘lini to‘sishgan, ammo halqa yorib o‘tilgan. Foto: Reuters

Muqtada as-Sadra tarafdorlari avval ham, 2016 yilgi tartibsizliklar chog‘ida parlamentga bostirib kirishgandi.

Sadrchilarni ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ham, vodomyotlar ham to‘xtata olmagan. Foto: EPA

2019 yilda Iroqda bundan ham yirikroq tartibsizliklar avj olgan, o‘shanda minglab yoshlar korrupsiya, ishsizlik va qashshoqlikka qarshi namoyishlar uyushtirgandi. O‘shanda yuzlab kishilar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan.

Mavzuga oid