Jahon | 08:07 / 04.08.2022
8951
3 daqiqa o‘qiladi

OPeK+ neft qazib olishni biroz oshirishga kelishib oldi

OPEK+ davlatlari sentabr oyida neft qazib olishni kuniga 100 ming barrelga oshirishga kelishib oldi.

Foto: Reuters

OPEK+ neft qazib oluvchi davlatlar sentabrdan boshlab neft qazib olishni kuniga 100 ming barrelga oshirishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Reuters 3 avgust, chorshanba kuni manbaga tayanib. 

Bloomberg suhbatdoshlariga ko‘ra, OPEK+ mamlakatlari o‘sishni proporsional ravishda o‘zaro taqsimlaydi. Reuters agentligi ishlab chiqarish hajmining o‘sishini «global talab 86 soniyasi»ni ta’minlaydigan «kichik» o‘sish va o‘tgan oy Saudiya Arabistoniga safari chog‘ida OPEK rahbarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ishontirishga uringan AQSh prezidenti Jo Baydenni «haqoratlash» deb atadi. Shu bilan birga, kelishuv «yuqori neft narxining inflatsiya bosimidan aziyat chekayotgan iste’molchilarga biroz muhlat berishi mumkin», deb yozadi Bloomberg. 

«Biz har doim afzal ko‘rilgan narx koridori bir barrel uchun 60-80 dollar ekanligini aytib kelganmiz. Bugungi kunda narx 100 dollarni tashkil qilmoqda. Shu sababli, haddan tashqari «qizib» ketmaslik uchun ishlab chiqarishni ko‘paytirishga to‘g‘ri kelishi mumkin», dedi Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov OPEK+ qarori oldidan jurnalistlarga. 

Iyun oyida mamlakatlar koronavirus pandemiyasi davrida neftga bo‘lgan talabning pasayishi ta’sirini qoplash uchun iyul va avgust oylarida neft qazib olish kvotasi miqdorini kuniga 648 ming barrelga oshirishga kelishib oldi. OPEKning eng yirik neft qazib oluvchisi Saudiya Arabistoni dastlab bu qadamni qo‘yishni istamadi, ammo yakunda Ar-Riyod bozordagi tanqislikning oldini olishga rozi bo‘ldi, chunki bir qator davlatlar Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadan neft sotib olishdan bosh tortdi, deb yozadi Financial Times. 

OPEK+ guruhiga Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK)ning 13 ta a’zosi, shuningdek, 10 ta hamkor davlat, jumladan, Rossiya kiradi. 

Mavzuga oid