O‘zbekiston | 21:45 / 07.08.2022
12239
8 daqiqa o‘qiladi

Blokdan ozod qilingan Twitter va Chilonzordagi daraxtkushlik - O‘zbekiston hafta ichida

Yakunlangan hafta Twitter va boshqa ayrim ijtimoiy tarmoqlar blokirovkadan chiqarilishi, Senatning bir qator qonun loyihalarini rad etishi va Chilonzorda daraxtlarga zarar yetkazilishi bilan yodda qoldi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda 1 avgustdan boshlab Twitter, WeChat va «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlandi.

«Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi — isbot talab qilmaydigan haqiqat», — deya bayonot berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Konstitutsiyaga taklif qabul qilish to‘xtatildi

«Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga takliflarni qabul qilish 1 avgust soat 00:00 dan to‘xtatildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari kelib tushgan takliflarni umumlashtirish, tahlil qilish va qonun loyihasini takomiliga yetkazish borasidagi faoliyatini davom ettiradi.

Voz kechilayotgan eskilik sarqiti

1 noyabrdan eski «obektivka»dan voz kechilib, xodimni baholaydigan yangi tizimga o‘tiladi. Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda eski namunadagi «obektivka»dan voz kechilib, ilg‘or IT-texnologiyalar asosida xodim malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi, ishga qabul qilinayotgan xodimni baholashda qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘lishi shartligi belgilab berildi.

Davlat xizmatiga ishga kirishdagi barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘z administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovga yil yakuniga qadar ixcham, professional, adolatli, natijaga ishlaydigan boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha ma’muriy islohotlarni yakuniga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Uyg‘onayotgan Senat

4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda senatorlar 4ta qonunni rad etdi. Yoppasiga buncha qonunning rad etilishi Senat tarixida ilgari kuzatilmagandi.

Senatning 29-yalpi majlisida ma’qullangan «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilangan.

Senatning 29-yalpi majlisi bir qator qonun loyihalarini rad etishi bilan yodda qoldi. Yalpi majlisida muhokama qilingan Uy-joy kodeksini «Qator moddalarda davlat organlariga cheklanmagan vakolatlar berilgan», vaji bilan takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi hamda Kodeks senatorlar tomonidan rad etildi. Shuningdek, senatorlar nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan so‘ng 1 oy kutmasdan nikohdan o‘tishiga doir qonun rad qilishdi.

Chilonzordagi daraxtkushlik

Toshkent shahri rasmiylari avtomobillar 4 qator bo‘lib yuradigan Chilonzor ko‘chasini yana ham kengaytirishga qaror qildi. Oqibatda ko‘chaning ikki betidagi yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtlar xavf ostida qoldi. Aksariyatini eman tashkil etuvchi daraxtlar ildizlarining bir qismi qo‘porib tashlandi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, birlamchi taftishda daraxtlardan kamida 7 tasi jiddiy zararlangani, 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi borligi aniqlangan.

Foto: KUN.UZ

Chilonzorda ko‘p yillik daraxtlarga ziyon yetkazilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Zudlik bilan chora ko‘rilmagan taqdirda daraxtlar qurishi va tabiatga 348,9 mln so‘mlik zarar yetishi mumkinligi soha mutaxassislari tomonidan aniqlangan.

Jinoyat va jazo

Toshkentda 14 yoshli qizni jinsiy aloqa qilishga ko‘ndirgan uch erkak muddatidan avval ozod qilingani ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonanas keltirib chiqardi. Jinoyatchilardan biri 4 yillik qamoq jazosining 1 yilini, qolgan ikki nafari esa 2 yillik qamoq jazosining 6 oyini o‘tagan va shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan.

Saida Mirziyoyeva ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirib, voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga chaqirdi. «Keling, zo‘ravonlarga emas, bolalarga g‘amxo‘rlik qilaylik», dedi u.

Abituriyent-2022

8 avgustdan boshlab oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlanadi. Test sinovlarini o‘tkazish uchun 58 ta stadion va xiyobon tayyorlangan. Bunda, 1 smenada 1 614 ta guruhda 48 420 nafar, 1 kunda (2 smenada) 3 228 ta guruhda 96 840 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etadi.

Foto: KUN.UZ

Davlat test markazi 2022-2023 o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlari bo‘yicha ma’lumot berdi. 2022/23 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abituriyentlar soni 1 mln 146 ming 744 nafarni tashkil etdi. (Birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan: kunduzgi — 585 669 nafar; sirtqi — 528 839 nafar; kechki — 25 369 nafar; masofaviy — 6 867 nafar).

Foto: KUN.UZ

Abituriyentlar tomonidan eng ko‘p tanlangan oliy ta’lim muassasalari (1-ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):

  • O‘zbekiston milliy universiteti — 41 577 nafar;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti — 40 523 nafar;
  • Namangan davlat universiteti — 37 267 nafar;

Respublika ichidagi OTMlararo o‘qishni ko‘chirishga ariza bergan, lekin rad javobini olgan fuqarolarga arizasini 10 avgustgacha qayta tahrirlash imkoniyati berildi.

«Tabarruk ziyorat» brendi yaratiladi

Turkiy dunyo doirasida «Tabarruk ziyorat» turizm konsepsiyasi tasdiqlandi. Prezidentning «Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra tasdiqlangan konsepsiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi to‘g‘risida seminar, simpozium, konferensiya, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi.

Boshqa muhim xabarlar

ShHT davlat rahbarlarining shu yil 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Bu temiryo‘l yo‘lagining Transkavkaz yo‘lagi bilan bog‘lanishi mamlakatlar o‘rtasida yagona transport tarmog‘ini yaratadi va Xitoydan Yevropaga savdo geografiyasini kengaytiradi.

Foto: Reuters

«O‘zbekiston – Ozarboyjon – Turkiya» formatidagi birinchi yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov transafg‘on yo‘lagi eng yirik submintaqalar o‘rtasida yuk tashish vaqtini va narxini kamaytirishini ta’kidlagan. «Tolibon» harakati vakillari «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish Afg‘onistonni qayta tiklash uchun katta strategik ahamiyatga ega, degan fikrga kelgan. 

Mavzuga oid