O‘zbekiston | 16:03 / 16.08.2022
5838
3 daqiqa o‘qiladi

«Rayyona Qutlug‘»dan jabrlangan fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari so‘ralmoqda

Qariyb 300 kishiga uy va avtomobil olib berishni va’da qilgan moliyaviy piramida asoschilari yig‘ilgan pullarni olib, chet elga qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB jabrlanuvchilarni tergovga murojaat qilishlarini so‘radi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkentda 300 kishiga uy va avtomobil olib berishni va’da qilgan «Rayyona Qutlug‘» MChJ asoschilaridan biri 4 avgust kuni odamlardan yig‘ilgan pullar bilan chet elga qochib ketgani haqida xabar bergandik. Toshkent shahar IIBBning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Juda ko‘p miqdorda o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, korxonaning bir guruh mas’ul shaxslari o‘zgalar mulkini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida odamlarni aldab kelishgan. Ular mijozlarini 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib, uy va mashina olib berishga ishontirishgan va shu yo‘l orqali fuqarolardan boshlang‘ich to‘lov sifatida ikki milliard so‘mdan ortiq miqdordagi pulni o‘zlashtirishgan.

Toshkent shahar IIBBning xabar berishicha, «Rayyona Qutlug‘» mansabdorlari mijozlarning ishonchiga kirish uchun bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladigan uy va mashinalarning yillik to‘lovi 10 foizdan oshmasligi, shuningdek, to‘lov kechiktirib to‘langan taqdirda ham penya qo‘llanmasligini aytishgan. Bundan tashqari, firma mijozlariga 40 ish kunida mashina va uy olib berayotgani va sovg‘a sifatida kir yuvish mashinasi, televizor kabi jihozlar sovg‘a qilinayotgani aks etgan videolarni internetdagi turli platformalar orqali aylantirib, o‘z faoliyatini reklama qilib kelgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida «Rayyona Qutlug‘» MChJ mijozlar bilan 310 ta avtomobil, 52 ta uy olib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Shundan 42 ta transport vositasi, 7 ta uy egalariga topshirilgan.

Toshkent shahar IIBB shu firma bilan shartnoma tuzib, unda ko‘rsatilgan pullarni bankka to‘lagan jabrlanuvchilardan o‘zlari yashaydigan hududdagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamlari orqali murojaat qilishlarini so‘ragan.

Mavzuga oid