O‘zbekiston | 18:13 / 19.08.2022
13142
6 daqiqa o‘qiladi

Ikki karra bepisandlik. Bojxona qo‘mitasi sud qarorini bajarmayapti

Mamlakatga noqonuniy ravishda, kontrabanda yo‘li bilan olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovarlarni to‘xtatib qoladigan Bojxona qo‘mitasi 10 yil deganda tiklangan adolatga ham “to‘siq qo‘yishga” urinyapti. Qo‘mita rahbariyati shu yo‘l orqali ham qonunlarga, ham inson taqdiriga bepisand ekanini ko‘rsatmoqda.  

Foto: KUN.UZ

Nohaq jinoiy javobgarlikka tortilgan bojxona xizmati kapitani Shuhrat Hayitov o‘zini oqlash va ishga qayta tiklanish uchun umrining 10 yilini sarf qildi. Bojxona qo‘mitasi esa negadir sud qarorini bajarmay, turli bahonalar bilan uning ko‘ksidan itarishda davom etmoqda. 

Shuhrat Hayitov bojxona tizimida turli lavozimlarda ishlab kelgan. 2006 yil dekabr oyida u Buxoro viloyati “Olot” bojxona nazoratini o‘tkazish kompleksi tezkor guruhi katta inspektori lavozimiga tayinlangan. 2012 yil iyun oyida MXX Buxoro viloyati boshqarmasining xatida ko‘rsatilgan holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va Shuhrat Hayitov Bojxona qo‘mitasi buyrug‘i bilan ishdan olinib, Qurolli Kuchlar zaxirasiga bo‘shatiladi.

Bu bojxona xizmati kapitanining boshiga tushgan ko‘rguliklarning avvali edi: Harbiy sudning 2012 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a,v,g” bandlari hamda 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topiladi va jinoiy javobgarlikka tortiladi. Shuhrat Hayitovga sud hukmi bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan hamda 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, uning bojxona xizmati kapitani unvoni olib qo‘yiladi.

Harbiy sud kassatsiya instansiyasining 2016 yil 23 avgustdagi ajrimi bilan hukmning unga oid qismi o‘zgartirilib, qayta kvalifikatsiya qilinadi, tayinlangan jazolar esa aslicha qoldiriladi. Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2019 yil 23 maydagi ajrimi bilan kassatsiya instansiya ajrimi bekor qilinadi va jinoyat ishi qayta ko‘rish uchun yuboriladi. Nihoyat, Harbiy sudning 2019 yil 10 sentabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishining Shuhrat Hayitovga oid qismi bekor qilinadi. Ya’ni, sodir etilgan jinoyatga uning daxli yo‘q, deb topiladi.

O‘zini oqlash uchun 7 yil harakat qilgan bojxonachi shu kabi jarayonni yana qayta boshdan kechirmoqda. Bunga esa Bojxona qo‘mitasining adolatsizligi sabab bo‘lyapti.

Gap shundaki, Shuhrat Hayitov oqlangach, ishini tiklash uchun qo‘mitaga murojaat qiladi. Rad javobini olgach, sudga da’vo arizasi kiritadi. 2020 yil 17 mart kuni ishni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi uni “Olot” bojxona nazoratini o‘tkazish kompleksi tezkor guruhi katta inspektori lavozimiga ishga tiklash bo‘yicha hal qiluv qarori chiqargan. Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 6 noyabrdagi ajrimi bilan birinchi sud qarori bekor qilinib, da’vo talablarini rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan. Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil oktyabr oyidagi ajrimi bilan esa Shuhrat Hayitovning ishga tiklash haqidagi da’vo talabi qanoatlantiriladi va uni ishga tiklash haqidagi dastlabki hal qiluv qarori kuchida qoldiriladi.

Mana, shunga ham qariyb 1 yil muddat o‘tyapti. Ammo Bojxona qo‘mitasi sud qarorini ochiqchasiga bajarmasdan kelmoqda. Qo‘mitaning bu harakati qonunbuzarlik hisoblanadi. Jumladan, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, fuqarolik ishlari va iqtisodiy nizolar bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ijro etilishi lozim bo‘lgan sud hujjatlari turiga kiradi. Ushbu qonunning 30-moddasiga ko‘ra, ijro hujjatlarining qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi talablari darhol ijro etilishi kerak.

Kun.uz Bojxona qo‘mitasi bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh oldi. Qo‘mitaning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Husan Tangriyevga ko‘ra, bu masaladan rahbariyatning xabari bor, ayni kunlarda yangi buyruq imzoga olib kirilishi arafasida va masala tez orada ijobiy hal qilinadi. Qo‘shimcha qilinishicha, Shuhrat Hayitovning ishga tiklanishi Qo‘mita huzuridagi oliygoh bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash davriga to‘g‘ri kelib qolgan va vakant ish o‘rinlari muammosi sabab cho‘zilib ketgan.

Ammo Qo‘mita munosabatiga ishonmagan Shuhrat Hayitov “Qo‘mita bu borada yolg‘on ma’lumot bermoqda. Boisi, sud hal qiluv qarori chiqqaniga ham 10 oy bo‘ldi va bu davr ichida qarorni ijro etmaslik uchun shu kabi o‘nlab bahonalar qilinmoqda, men ularning xech biriga ishonmayman”, deydi.

E’tiborlisi, bu Bojxona qo‘mitasi xodimlarni ishga tiklash haqidagi sud qarorlarini ijro etmasligi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Kun.uz avval ham shunga o‘xshash holatlar haqida surishtiruvlar o‘tkazgandi

Umid qilamizki, bu idoraga ham qonunlar mavjudligini eslatib qo‘yadigan boshqa bir idora topiladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid