Jahon | 21:50 / 23.08.2022
20700
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda dizel yoqilg‘isi xorijliklar uchun keskin qimmatlashdi. Nega?

Qozog‘istonda neft mahsulotlarining chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish joriy etildi. Endilikda chet elliklar, xususan o‘zbekistonliklarga dizel yoqilg‘isi Qozog‘iston fuqarolariga qaraganda 1,7–2 baravar qimmatga sotiladi.

Foto: Kolesa.kz

O‘zbekistonlik yuk tashuvchilarning ma’lum qilishicha, Qozog‘istonda mamlakat fuqarolari bo‘lmagan shaxslarga dizel yoqilg‘isi ikki barobar qimmatga sotilmoqda.

“Rossiyaga yuk tashiyman. Hozirda Qozog‘istonda “salyarka narxi mamlakat fuqarolari uchun 230 tengedan, boshqalar: O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya fuqarosi bo‘lgan haydovchilarga 450 tengedan sotilmoqda. Bu odam ajratishga kirmaydimi, oldin hamma uchun bir xil narxda sotilardi”, deydi murojaatchi.

Nega Qozog‘istonda ikki xil standart joriy qilindi?

Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 22 avgust, dushanba kunidan boshlab neft mahsulotlarining chakana savdosi bo‘yicha oxirgi narxlarni belgilash to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgan.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston fuqarolari uchun dizel yoqilg‘isi narxi hududga qarab har litri uchun 230-260 tenge oralig‘ida belgilangan. Qolganlari uchun esa narx 450 tenge.

Shu bilan birga, Qozog‘iston fuqarolariga ham kunlik 100 litr chegara mavjud. Yuk mashinalari, maxsus, ixtisoslashtirilgan transport vositalari va avtobuslar haydovchilari uchun esa tasdiqlangan limit 300 litrni tashkil qiladi. O‘rnatilgan normadan ko‘proq olmoqchi bo‘lganlar, chet elliklar uchun joriy etilgan narxda to‘lashlari kerak.

O‘z navbatida, benzin narxi o‘zgarishsiz qoldirilgan: AI-80 markali mahsulotning har 1 litri uchun 89 tenge (2100 so‘m), AI-92 va AI-93 markali mahsulotning 1 litri Kustanay va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida 187 tengedan (4400 so‘m), Qozog‘istonning boshqa viloyatlarida 182 tengedan (4250 so‘m) sotilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu qaror respublikada dizel yoqilg‘isi taqchilligining oldini olish uchun qabul qilingani aytilmoqda. Qozog‘istonda benzin va dizel yoqilg‘isi qo‘shni davlatlarga nisbatan ancha arzon hisoblanadi. Shu sababli, ko‘plab chegara hududlari aholisi va tranzit transport vositalari Qozog‘istonda yoqilg‘i quyishni afzal ko‘radi. Bojxona xodimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni mamlakatga 4,5 mingga yaqin yuk avtomobillari kiradi, ularning 70 foizga yaqini chet elliklardir. Natijada, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlarning pastligi o‘rtacha oylik iste’molining taxminan 120 ming tonnaga oshishiga olib kelgan.

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda dizel yoqilg‘isi taqchilligining oldini olish uchun neft mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilish bo‘yicha noqonuniy sxemalar bilan kurashish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shundan so‘ng, dizel yoqilg‘isi uchun tabaqalashtirilgan narxlarga o‘tildi.

O‘zbekistonda ham tabaqalashtirilgan narxlar bormi?

Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda energiya resurslariga hamma bir xil narx to‘laydi. Xorijdan kelib yashayotganlar ham, xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari ham amaldagi subsidiyalangan narxlardagi elektr energiyasi yoki tabiiy gazdan mamlakat fuqarolari bilan bir xil darajada foydalanishi mumkin.

Umuman olganda esa, qo‘shni mamlakatlar fuqarolarining O‘zbekistondan benzin yoki dizel yoqilg‘isi olib chiqib ketishiga narxlar qimmatligi sababli hech qanday rag‘bat mavjud emas. Masalan, 15 avgust holatiga ko‘ra, yuqori sifatli 1 litr dizel yoqilg‘isi narxi O‘zbekistonda 1,31 dollarni, Turkmanistonda 0,38 dollarni, Qirg‘izistonda 0,79 dollarni, Qozog‘istonda esa 0,49 dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid