Jahon | 13:02 / 30.08.2022
33462
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrain armiyasi janubda hujumga o‘tganini ma’lum qildi. Asosiy ma’lumotlar

Ukrain nashrlari dushanba kuni mamlakat armiyasi Rossiya qo‘shinlari asosiy qismini mart oyidayoq egallab olgan Xerson oblastida qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar berdi. Rossiyaparast hukumat buni feyk ma’lumot deb atadi, RF mudofaa vazirligi hujumlar barbod bo‘lganini aytdi. Hozirgacha nimalar ma’lum?

Donbassdagi ukrain harbiylari. Foto: Leo Correa / AP / Scanpix / LETA

Ukraina armiyasi rossiyaliklar ishg‘olida qolayotgan mamlakat janubida anchadan buyon kutilayotgan hujumga o‘tilgani haqida ma’lum qildi. «Ukraina qurolli kuchlari Ukraina janubida ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan Xersonda ham yurish harakatlari boshladi», — dedi «Janub» xavfsizlik va mudofaa kuchlari rasmiy vakili Natalya Gumenyuk.

O‘z navbatida «Kaxovka» operativ guruhi «DXR»ning 109-polki va polkni «qo‘llab-quvvatlash uchun yuborilgan» rossiyalik desantchilar egallangan pozitsiyalaridan chekingani haqida xabar berdi. Guruh matbuot xizmati rossiyalik harbiy yoki «DXR» jangchisi 29 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari «birinchi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgani»ni aytgan videoni namoyish etgan. «Ukrainskaya pravda» va «Hromadske» nashrlari manbalari ham rossiyaliklar mudofaasi yorib o‘tilganini tasdiqlagan, jurnalist Andrey Tsapliyenko esa Gumenyuk unga «DXR»ning 109-polki chekinayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagani haqida yozgan.

Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Oleksiy Matsulevich Xerson uchun janglar boshlanganini yozgan, ammo keyinroq postni o‘chirib yuborgan. Bundan tashqari, ukrain telegram-kanallarida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga havola qilingan holda Ukraina armiyasi Xerson oblastidagi Suxoy Stavok aholi punkti egallangani haqida xabar tarqatdi, bu posyolka Xersondan 90 kilometr masofada joylashgan. Ammo bu ma’lumot Zalujniyning norasmiy kanalidan tarqalgan va hozircha tasdig‘ini topmagan.

Keyinroq CNN Ukraina armiyasidagi manbalariga tayangan holda Xerson oblastidagi to‘rt qishloq ozod etilgani haqida xabar tarqatdi. Manba so‘zlarga ko‘ra, gap Tomina Balka, Pravdino, Novodmitrovka va Arxangelskoye qishloqlari to‘g‘risida ketadi. «Ko‘ramiz, buyog‘i qanday davom etarkin. Bizning maqsadimiz — Xerson», — degan CNN manbasi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak jamoat arboblaridan «shov-shuvli bayonotlar» berishdan tiyilishga chaqirdi. «Istaklar va orzularimizni tushunaman. Ammo shunga qaramay bizning har qanday harbiy harakatlarimiz bo‘yicha izoh berishda ehtiyotkorlik bilan yondashishni taklif qilaman…», — degan u. Gumenyuk esa «har qanday harbiy amaliyot sokinlikni talab etishi»ni qo‘shimcha qilgan. «Odamlar bunday ijobiy yangiliklarni juda uzoq vaqtdan buyon kutayotganini anglagan holda, biz chindan ham ma’lum harakatlar bo‘layotganini xabar qilishimiz mumkin. Ammo bundan keyin bu voqea bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni qidirmaslikni so‘raymiz»…», — degan u.

Amerikalik ikki mulozim CNN muxbiri bilan suhbatda Ukraina qurolli kuchlari «jiddiy qarshi hujum» uchun sharoit hozirlayotganini aytgan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, bunday amaliyot hujum oldidan amalga oshiriladigan standart operatsiyalar bo‘lib, jang maydonini tayyorlash uchun qurol omborlari, qo‘mondonlik punktlari va boshqa harbiy nishonlarga zarbalar berishni o‘z ichiga oladi. CNN jurnalisti Jim Shutto shaxsi sir saqlanishini so‘ragan amerikalik amaldorga tayangan holda tvitter sahifasida qo‘shimcha qilishicha, AQSh Rossiya oldingi chiziqqa kutilganidek ko‘p sonli bo‘linmalar yubora olmasligini aniqlagani ham Ukrainaning hujum boshlash rejalariga ta’sir ko‘rsatgan.

Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati esa haqiqiy yurish kuzatilmayotganini ma’lum qildi. «Bu feyk. Ukraina qurolli kuchlari yurishi — bu qandaydir illyuziya, kino. Hech kim hech qayerga yurish qilmayapti, hech kim chekinmayapti. Bu axir fantaziya. Xotirjam yashashda, rivojlanishda davom etamiz», — degan TASS muxbiriga «yangi ma’muriyat» rasmiysi Kirill Stremousov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «G‘arb [ukrain hukumatidan] muayyan harakatlar talab etmoqda, [Ukraina prezidenti Volodimir] Zelenskiy esa qandaydir chora ko‘rishga qodir emas, shu tufayli tinch aholini o‘qqa tutmoqda».

Xersonda yashovchi aholi vakillari Belarusdagi «Zerkalo» nashriga shaharda harbiy harakatlar kuzatilmayotganini aytgan. Shu bilan birga, ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan tunda portlash ovozlari odatdagidan ko‘proq eshitilgan. Rossiyalik harbiy muxbir Roman Saponkov Xerson shahridan taxminan 100 kilometr masofadan o‘tgan Xerson va Mikolayiv oblastlari chegarasi yaqinidagi Davidov Brod qishlog‘iga borganini xabar qilgan. U «desanchilar qanday jangga kirishayotganini ko‘rgani»ni aytgan. «Dushman hujum qilib, himoyamizni tishlamoqda... Aftidan, hammasi jiddiy boshlangan. Zarbaning asosiy yo‘nalishi qayerda ekani hali aniq emas», deya yozdi u Telegram-kanalida. Saponkov amalda qo‘shinlar chekinayotganini tasdiqlagan: «Erta tongdan ittifoqchi qismlar juftlakni rostlash bo‘yicha Suriya normativini topshirishdi. Safarbar qilingan yigitlar, ularni ayblashim qiyin. Yuzaga kelgan bo‘shliqni desantchilar yopishdi».

RF mudofaa vazirligi ukrainlarning yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida xabar qilgan. Vazirlik talqiniga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Mikolayiv va Xerson oblastlarida uch yo‘nalishda hujumga o‘tgan, ammo «katta yo‘qotishlarga uchragan». «Janglar davomida ukrainlarning 26 ta tanki, 23 ta jangovar piyodalar mashinasi, to‘qqizta boshqa jangovar zirhli mashinalar yo‘q qilindi, ikkita Su-25 shturmoviki urib tushirildi. Raqibning jonli kuchdagi yo‘qotishlari 560 dan ortiq harbiyni tashkil etadi. Raqibning navbatdagi hujumkor urinishlari barbod bo‘ldi», — deyiladi Rossiya tomoni xabarida. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi kechqurungi hisobotida yurish haqida eslatib o‘tmagan.

Mavzuga oid