Jahon | 11:06 / 31.08.2022
22425
11 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush global moliya tizimidagi «dollar erasi» tugashiga olib keladimi?

AQSh dollari moliyaviy xavfsizlik va iqtisodiy farovonlik ramzi hisoblanadi. U XX asr o‘rtalaridan keyingi davrda xalqaro moliya tizimida inkor etib bo‘lmas ustun mavqega ega bo‘lib kelmoqda. Qanday qilib dollar bunday qudratga erishdi va Ukraina urushidan keyingi dunyo tartibotida unga muqobil raqobatchilar paydo bo‘lishi mumkinmi?

Foto: Kun.uz

Bir necha o‘n yildan beri AQSh dollari xalqaro tijoratning qoni va Qo‘shma Shtatlar qudrati saqlanib turishida barqaror omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Murakkab geoiqtisodiy jarayonlar, globallashuv tendensiyasi va bir qutbli dunyo ko‘p qutbliga aylangan bo‘lsa-da, xalqaro savdoda dollar yetakchiligini saqlab qoldi. Ayni paytda xalqaro hisob-kitob operatsiyalarining 60 foizidan ortig‘i hali ham AQSh dollarida amalga oshirilayotgani buning yaqqol isbotidir. Dollar qudratining siri nimada va unga potensial raqobatchilar yuzaga kelishi mumkinmi?

Bretton-Vuds bitimi

1944 yilning iyulida AQShning Bretton-Vuds shahrida dunyoning yetakchi moliyachilari va yirik davlatlar vakillari ishtirokida konferensiya o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, bir troya unsiya (31,1 gramm og‘irlikda) oltinning qat’iy va o‘zgarmas bahosi 35 AQSh dollari qilib belgilandi. Konferensiya qatnashchilari xalqaro to‘lovlarda oltin o‘rniga dollarda hisob-kitob qilishga kelishib olishdi. Bu dollarning oltinga tenglashtirilishi edi. O‘z navbatida AQShga har doim belgilangan qiymat evaziga oltin sotish kafolatini berish majburiyati yuklatiladi. Bu va’daga kafil bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar ham talaygina edi. Qo‘shma Shtatlar urush yillarida ulkan boylikka ega bo‘ldi. Xususan, 1938 yilda Vashingtonning oltin zaxiralari 13 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 1945 yilda 17,7 ming tonnaga, 1949 yilda esa 21,8 ming tonnaga yetib, butun dunyodagi oltin zaxiralarining 70 foizini o‘zida to‘plashga erishdi.

Bitimdan keyingi dastlabki yillarda Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropani qayta tiklashga qaratilgan Marshall rejasiga muvofiq, Yevropa milliy iqtisodiyotlariga dollar «kiritish» boshlandi. Buning natijasida Yevropa davlatlari markaziy banklari oltin-valuta zaxiralarida dollarning ulushi sezilarli darajada ko‘paydi. Ammo vaqt o‘tishi bilan dollar ham inflatsiya va devalvatsiya ta’siridan chetda qolmadi. O‘tgan asrning 60-yillari oxirida valuta bozorlarida dollar qiymati tushib ketishiga olib kelgan AQSh iqtisodiyotining navbatdagi pasayishi yuz beradi. 1968 yildan oltin bahosi ikki xil kursda, ham oldingi kelishuv bo‘yicha, ham bozor bahosida belgilana boshladi. 

Dollar inqirozi haqida ilk mish-mishlar

Valuta kursi o‘zgara boshlashi fonida Fransiya prezidenti Sharl de Goll xalqaro to‘lovlar faqat oltinda amalga oshirilishi shartligi haqidagi bayonot bilan chiqadi.

«Oltin xususiyati hech qachon o‘zgarmaydi: u yombi, tanga va boshqa ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, uning millati bo‘lmaydi, u qadimdan o‘zgarmas qiymati uchun butun dunyoda qabul qilinadi. Shubhasiz, bugun ham har qanday valuta qiymati bevosita yoki bilvosita oltin bilan o‘lchanadi», deya ta’kidlagan Sharl de Goll Fransiya davlat rezervlaridagi bir yarim milliard naqd dollarni oltinga almashtirib berishni talab qila boshlaydi.

Shundan so‘ng ikki yil ichida Fransiya AQShdan dollarga almashtirib 3 ming tonnadan ortiq oltin olib keladi. Fransuzlar ortidan nemislar ham xuddi shu yo‘lni tanlashadi. Asta-sekin ittifoqdosh boshqa mamlakatlar markaziy banklari ham AQShdan dollarlarini oltinga almashtirib berishini talab qila boshlaydi.

1968 yil martida AQSh birinchi marta dollarning oltinga erkin almashtirilishini cheklaydi. 1971 yilning iyul oyi oxiriga kelib AQShning oltin zaxirasi keskin pasayib ketadi. Shundan so‘ng «Nikson-shok» nomi bilan tarixga kirgan voqea sodir bo‘ladi. O‘sha yilning 15 avgustida AQSh prezidenti Richard Nikson dollarning oltinga bog‘liqligi bekor qilinganini e’lon qiladi. Bu esa dollarning inqirozi haqida ilk gaplar tarqala boshlashiga sabab bo‘ladi.

Yamayka kelishuvi

1971 yilda oltin bahosi 35 dollardan 38 dollarga, 1973 yilda esa 42 dollargacha ko‘tarilib ketadi. Shundan so‘ng 1976 yilning yanvarida Yamaykaning Kingston shahrida Xalqaro valuta jamg‘armasi konferensiyasi o‘tkaziladi va yangi bitim imzolanadi. Yamayka valuta tizimi nomi bilan kirgan kelishuvga asosan dollarning oltinga aniq narx asosida konvertatsiya qilib berilishi bo‘yicha kelishuv bekor qilindi va oltin ham, dollar ham to‘laligicha bozor prinsiplari asosda muomalaga qo‘yib yuborildi. 

Yamayka valuta tizimining asosiy tamoyillari:

  • oltin standarti va oltin paritetlari rasman bekor qilindi (ichki va xalqaro operatsiyalar uchun valutalarni oltinga bog‘lash);
  • oltinning demonetizatsiyasi belgilandi: markaziy banklarga oltinni oddiy tovar sifatida bozor narxlarida sotish va sotib olishga ruxsat berildi;
  • valuta zaxiralarini shakllantirish uchun «jahon pullari» sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan SDR tizimi joriy qilindi. SDR funksiyalariga to‘lov balanslarini tartibga solish va milliy valutalar qiymatini taqqoslash ham kiritildi;
  • SDR’dan tashqari AQSh dollari, funt sterling, Shveytsariya franki, yapon iyenasi, nemis markasi va fransuz franki rasman zaxira valutalari sifatida tan olindi (nemis markasi va fransuz franki yevroga aylantirilgan);
  • valuta bozorida talab va taklifdan kelib chiqib shakllantiriladigan erkin suzuvchi valuta kurslari rejimi belgilandi.

Yamayka kelishuvidan keyin ko‘pchilik endi dollar qulashi aniqligi haqida bayonotlar berdi. Ammo bu paytga kelib butun dunyo moliya tizimi dollarga qaram bo‘lib ulgurgan, har qanday xalqaro iqtisodiy munosabatlarda eng qulay muomala vositasi AQSh dollariga aylanib qolgandi.

AQSh dollari hukmronligi tugayaptimi?

Garchi AQSh dollari jahon bozorida hali ham katta rolga ega bo‘lsa-da, so‘nggi yigirma yil ichida uning hukmronligi asta-sekinlik bilan pasayib bormoqda. Xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasining oxirgi hisobotiga ko‘ra, markaziy banklar tomonidan AQSh dollarida saqlanayotgan zaxiralarning ulushi asr boshidan buyon 12 foiz bandga kamayib, 1999 yildagi 71 foizdan 2021 yilda 59 foizga qisqargan. Shunday bo‘lsa-da, dollar qolgan valutalarga nisbatan yuqori darajadagi dominantlikni ushlab turibdi.

Ukrainada urush boshlanganidan keyin G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi bir qancha og‘ir sanksiyalarni joriy qildi. Xususan, Rossiya Markaziy banki valuta zaxiralari muzlatib qo‘yildi. Xalqaro valuta jamg‘armasi direktorining birinchi o‘rinbosari Gita Gopinathning fikricha, G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan moliyaviy sanksiyalar AQSh dollarining dunyodagi rolini asta-sekin zaiflashtirishi va xalqaro valuta tizimi yanada parchalanishiga olib kelishi mumkin. Bu Qo‘shma Shtatlar bilan geosiyosiy aloqalari yomonlashishi mumkin bo‘lgan davlatlar, xususan, Xitoyning valuta zaxiralari xavfsizligini qayta ko‘rib chiqishga yangi turtki bergan va dollarga asoslangan moliyaviy tizimlardan xalos qilish va muqobil variantlarni izlash uchun sa’y-harakatlarini tezlashtirgan.

Harvard universiteti professori Kennet Rogofning ta’kidlashicha, dollar hukmronligi keyingi 20 yil ichida barham topishi mumkin. Sabab sifatida Rossiyaning dollar ustunlik qiladigan jahon moliya tizimiga kirishini cheklab qo‘ygan sanksiyalar joriy qilingani keltirib o‘tilgan.

«Xalqaro moliya tizimidagi o‘zgarishlar AQSh dollari bilan raqobatlashishi mumkin bo‘lgan vositalar paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Bu, albatta, bir kechada sodir bo‘lmaydi, ammo 50 yil davom etishi mumkin bo‘lgan tendensiya, 20 yilda amalga oshishi mumkin», degan u.

Urush boshlangandan keyin Rossiya energiyasining asosiy iste’molchilari bo‘lgan Xitoy va Hindiston ham keyingi bir necha oy ichida xaridlarni ko‘paytirdi va savdo operatsiyalarini avvalgidek dollarda emas, balki o‘z milliy valutalarida amalga oshira boshladi.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovga ko‘ra, Samarqandda bo‘ladigan ShHT davlat rahbarlari sammitida «O‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutadan foydalanishni kengaytirish to‘g‘risida»gi yo‘l xaritasi tasdiqlanishi mumkin.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Xitoyga neft sotishning bir qismini yuanda amalga oshirishni ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Muqobil tanlovlar bormi?

Hozirda jahon bozori Yevropadan Osiyoga tomon ko‘chmoqda. Bu hududdagi mamlakatlarning juda katta qismining tashqi savdo aylanmasida Xitoy yetakchilik qiladi. Bundan tashqari, dunyoning global kuchga ega kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilari uchun ham mahsulot sotishda Xitoy eng katta bozor hisoblanadi. Bu esa rasmiy Pekinning dollar ustunlik qiladigan xalqaro to‘lovlar infratuzilmasiga muqobil variantlarni ishlab chiqishga qaratilgan sa’y-harakatlarini rag‘batlantiradi.

Goldman Sachs investitsiya bankining prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib yuan iyena va funtdan o‘zib, dunyoning uchinchi yirik zaxira valutasiga aylanadi va global valuta aktivlarining 10 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etishi mumkin. Ammo mamlakatdagi kuchli kapital nazorati va yopiq ishlash tizimi yuanning dollarga raqobatbardosh valutaga aylanishiga to‘sqinlik qiladi.

«Xitoy AQSh kabi gegemon iqtisodiy qudratga ega, ammo u yirik moliyaviy kuchga aylanish uchun infratuzilma qura olgani yo‘q», deydi PineBridge Investmens tahlilchisi Anders Faergemann.

Shuningdek, davlatlar XX asr o‘rtalaridagi kabi o‘z zaxira aktivlarini to‘liq oltinda ham saqlay olishmaydi. Chunki bu to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar yuzaga keltiradi. Shu sababli ham oltin sotish yoki sotib olish zanjirining boshida va oxirida baribir dollar bo‘ladi.

Yevro dollardan keyingi eng yirik miqdorda saqlanadigan zaxira valutasidir, ammo uning qiymati yevrohududdagi inqirozli holat tufayli noaniqliklarni yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, bir qancha mutaxassis tomonidan global maqomga da’vo qilishi taxmin qilingan kriptovalutalar qiymati juda o‘zgaruvchan va beqaror bo‘lgani sababli ularga nisbatan ishonch ham keskin pasayib ketdi.  

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid