O‘zbekiston | 10:46 / 10.09.2022
15023
2 daqiqa o‘qiladi

«Schyotchik»lar nosozligida ularni yangisiga almashtirish xarajati kim hisobidan qoplanishi aytildi

Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlar) qiyoslashdan o‘tkazishda hisoblagich nosozligi aniqlansa, ularni ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xarajatlar kimlar hisobidan qoplanishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Hukumat 698-son qarori bilan elektr energiyasi, tabiiy gazni, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha reglamentlar tasdiqlangan.

Reglamentlarga muvofiq, jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar hisobga olish uskunalarini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish xarajatlari tegishlicha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, gaz ta’minoti tashkilotlari, suv ta’minoti yoki hududiy issiqlik ta’minoti korxonalari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 215-5-moddasiga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Shunga ko‘ra bu sohada ta’minotchi korxonalar xodimlari tomonidan yuqoridagi reglamentlar talablariga rioya etilmaslik, hisoblagich uchun ortiqcha mablag‘ undirish kabi holatlari aniqlanganda Adliya vazirligi 1008 va 1148 ishonch telefoni raqamlariga yoki info@adliya.uz elektron pochtaga murojaat qilish mumkin.

Mavzuga oid