Ta’limdagi mojarolar, yopilayotgan Samarqand, yana o‘sha jinoyatlar - hafta dayjesti
2-3 barobar qimmatlagan darsliklar: “parda ortidagi o‘yinlar” deb mualliflar nimani nazarda tutyapti? Toshkentda yana ikkita yashil hudud yo‘q qilindi: yerni berib yuborgandan hech kim so‘ramaydimi? Samarqand ShHT sammiti arafasida: aholiga qanaqa cheklovlar bo‘ladi? Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Birinchi qo‘ng‘iroq, yotoqxona ajiotaji, tirbandliklar. Ta’til tamom
O‘zbekistonda yozgi ta’til tugab, darslar boshlandi. Millionlab ota-onalar va bolalar uchun bu hafta bundan kattaroq voqea bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Dushanba kuni 700 mingdan ortiq bola ilk marta maktab partasida o‘tirib, birinchi ustozi bilan tanishdi.
Maktablarning jami o‘quvchilari soni 6,5 millionga yaqinlashdi. Bu butun boshli Turkmaniston, Daniya yoki Singapur aholisidan ko‘proq degani. Umuman, BMTga a’zo davlatlarning 42 foizida fuqarolari soni 6 millionga ham yetmasligini inobatga olsak, aholimizning bunday ko‘payib borishi har jihatdan quvonchli.
Bu yil talabalar soni ham birinchi marta bir millionga yetdi. Taqqoslash uchun, 2016 yilda talabalar soni bundan 5 baravar kam, 200 ming atrofida bo‘lgan. O‘z navbatida, bunday keskin o‘sish ayrim muammolarning dolzarbligini yanayam oshiryapti. Ulardan biri – yotoqxonalar masalasi.
Hafta boshida Talabalar shaharchasi yuklari bilan kelib, yotoqxonadan joy berilishini ko‘chada kutayotgan talabalar va ota-onalar bilan to‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda talabalar turar joyi uchun talabgor studentlarning 47 ming nafariga yotoqxonalarda joy yetmayapti.
Tegishli qarorga ko‘ra, 5 yil ichida talabalar uchun 100 ming o‘rinli yotoqxonalar qurilishi kerak. Lekin bu rejaning bajarilishi dargumon. 2022 yilda Toshkentda qurilishi kerak bo‘lgan 11 ta yotoqxonadan hozircha faqat bittasi tayyor. Bu borada e’lon qilingan subsidiyalar tadbirkorlarni qiziqtira olmagach, subsidiyalar miqdori uch baravarga ko‘paytirilgan va bu endi natija berishidan umid qilinyapti.
Muammo yechimi bo‘yicha oliy ta’lim vaziri va Toshkent shahar hokimi o‘z takliflari bilan chiqdi. Vazir Abduqodir Toshqulovning aytishicha, talabalarga ijara pulining yarmini qoplab berish uchun ulardan ijara shartnomasi so‘ralmaydi. Hozir tegishli hujjat loyihasi tayyorlanyapti.
Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa Yashnobod tumanidagi Tashkent Index nomli savdo va ishlab chiqarish majmuasi binosini talabalar uchun yotoqxonaga aylantirib, u yerga 10 ming talabani joylashtirishni taklif qildi. Majmua qisqa muddatda yotoqxonaga aylantirilishi kutilyapti.
Super-kontraktchilarga yangi-yangi imkoniyatlar
Talabalar sonining 1 millionga yetishida super-kontrakt tizimi paydo bo‘lganining ham ozmi-ko‘pmi o‘rni bor. Hozir imtihonga kirib chiqsangiz bo‘ldi, hatto 1 ball to‘plasangiz ham talaba bo‘la olasiz. Shu hafta chiqqan qaror bilan super-kontraktda o‘qish imkoniyati yanayam kengaydi.
Endi abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga balli yetmagan, lekin 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, unda o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berildi.
Imtihondan yiqilgan, ya’ni beshala yo‘nalishning birortasiga ham kirolmaganlarga bundan-da kattaroq imkoniyat berildi: endi ular beshta yo‘nalishdan xohlagan bittasini tanlab, super-kontraktda o‘qishi mumkin.
Bundan tashqari, xorijdan va O‘zbekistondagi nodavlat OTMlardan o‘qishini davlat OTMlariga ko‘chirish uchun ariza bergan va testda o‘tish balini ololmagan talabgorlar ham, agar o‘zlari xohlasa, super-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin bo‘ldi.
Super-kontraktga 10 foiz chegirma “perevodchilar”ga ham beriladi.
Bu yangiliklar super-kontrakt mavzusidagi bahslarga yana turtki bo‘ldi. O‘qishga bilim bilan emas, rasman pul bilan kirgan shifokor qo‘lida davolanishga, shunday arxitektor qurgan uyda yashashga siz rozi bo‘larmidingiz?
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning ishontirishicha, yetarli bilimi yo‘q bola super-kontrakt bilan o‘qishga kirishi mumkin, lekin bitirolmaydi. U kredit-modul tizimi oliygohlardagi korrupsiyani kamaytira olishini da’vo qildi va buning uchun 1 yil vaqt so‘radi.
“Bu yil faqat sifatga ishlanadi. Natijalar bo‘ladi. Necha foiz talaba bitirolmagani, shundan necha foizi super-kontraktda o‘qiganini hali eshitasiz”, – dedi Toshqulov.
ShHT sammiti: Samarqanddagi cheklovlar va geosiyosiy fon
5 sentabr kuni hamma joylarda ham darslar boshlangani yo‘q. Samarqand shahridagi maktablarda darslar 19 sentabrdan, oliygoh va texnikumlarda esa 26 sentabrdan boshlanadi.
Shaharda 15-16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitiga katta tayyorgarlik ko‘rildi, xavfsizlik choralari kuchaytirilyapti. Sammit sabab bir necha kun davomida Samarqand shahriga kirish tranzit transportlar uchun yopiladi, shahardagi 16 ta ko‘chada transportlar harakati cheklanadi, bu cheklovlar jamoat transportiga ham taalluqli bo‘ladi.
Avvaliga sammit bo‘lib o‘tadigan sayyohlik markazi yaqinidagi masjidlarda 16 sentabr kuni juma namozi o‘qilmasligi aytilgandi, keyinroq bu ma’lumot rad etildi. Sammit kunlari Samarqanddagi to‘yxonalar ishlamasligi haqidagi mish-mishlarga hozircha aniqlik kiritilmadi.
Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, 8 ta davlat a’zoligidagi tashkilot sammitida 15 ta davlat rahbari jam bo‘ladi. Ya’ni a’zo davlatlardan tashqari, Eron, Mo‘g‘uliston, Turkiya, Ozarboyjon, Turkmaniston va Armaniston rahbarlari, shuningdek, yil boshidan beri O‘zbekistonning manziliga ikki marta nomaqbul gaplar aytishga ulgurgan Belarus prezidenti ham keladi.
ShHTning 2020 va 2021 yillardagi sammitlari pandemiya sababli onlayn formatda o‘tkazilgan edi. Oxirgi oflayn uchrashuv 2019 yilda, Bishkekda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Xitoy raisi Si Jinping Qirg‘iziston va Tojikistonga biryo‘la davlat tashriflarini ham amalga oshirgan. Bu safar esa u Samarqand sammiti arafasida Qozog‘iston va O‘zbekistonga davlat tashriflari bilan keladi. Ma’lumot o‘rnida, Xitoy rahbari pandemiya tufayli 2020 yil boshidan beri xorijiy safarlarga chiqmagan.
Sammit Ukraina urushi fonida bo‘lib o‘tayotgani, unda Eron tashkilot a’zoligiga rasman qabul qilinishi, umuman olganda, sanksiyaga uchraganlar va sanksiyalarga qo‘shilmaganlar bir joyga yig‘ilayotgani bu safargi ShHT sammitini avvalgilaridan ajratib turibdi.
Ayniqsa rus nashrlari ShHTni G‘arbga qarshi blok sifatida ko‘rsatishga urinyapti. Hafta davomida ShHT, O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylari tomonidan bunga javoban tegishli bayonotlar yangragan bo‘lsa-da, ko‘rinib turibdiki, Rossiya tomonidan Samarqand sammitiga imkon qadar mafkuraviy tus berishga intilish bor. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa sammit mezboni bo‘lmish O‘zbekistonning manfaatlariga zid.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari shundaki, ular u yoki bu qutbdan birini tashlashga majbur qilinmasligi, go‘yoki qaysidir derjava tomonida turgandek ko‘rsatilmasligi kerak.
Darvoqe, sammit arafasida Vladimir Norov “v.b.” qo‘shimchasidan xalos bo‘lib, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Uni Prezident administratsiyasi rahbari, avvalroq tashqi ishlar vaziri lavozimiga nomzodi ko‘rib chiqilgani aytilgan Sardor Umrzoqov jamoaga tanishtirdi.
Ijara narxidan boshlangan darslik mashmashasi keng ko‘lamli “reviziya”ga yetakladi
O‘tgan hafta maktab darsliklari ijarasi uchun ota-onalardan yig‘iladigan to‘lovlar 2-3 barobarga oshib ketishi noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Shu noroziliklar sabab bo‘lib, davlat konstitutsiyada yozilgan majburiyatini nihoyat zimmasiga oldi: darsliklar va mashq daftarlari ijarasi to‘liq budjetga o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaning 41-moddasida: “Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi”, deb yozilgan.
Ota-onalardan pul yig‘ilmaydigan bo‘lgani muammo hal degani emas. Ijara narxlari 2-3 barobarga oshib ketishi – darsliklarning katta qismini bitta xususiy kompaniya nashr etayotgani fonida ro‘y bergani albatta shubhali. Biz o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, darslik chop etish bo‘yicha kamida 16 ta lotda “KOLORPAK” MChJ g‘olib chiqqan. Bu kompaniya avvaliga “O‘qituvchi” nashriyotining binosini nol qiymatda qo‘lga kiritib, keyin nashriyotning o‘zini ham xususiylashtirib olgan.
KOLORPAK'ning egalaridan biri – Akfa kompaniyasining sobiq direktori Ismoil Isroilov. Ayrim manbalarda u Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani ekani aytiladi. Ko‘plab buyurtmalar bitta kompaniya qo‘lida to‘planib, narxlar birdaniga oshib ketgan bu soha hozirda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov topshirig‘i asosida taftish qilinyapti. Umrzoqov darsliklar nashr etishda korrupsion sxemalarga yo‘l qo‘ymaslik shartligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, nafaqat chop etish masalalari, balki darsliklarning mazmuni ham qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bu jarayonga rahbarlik qilayotgan administratsiya rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov jamoatchilikka murojaat qilib, maktab darsliklariga oid muammolar haqida xabar berish, takliflar jo‘natishni so‘radi. Uning aytishicha, 4 soat ichida pochtasiga 1278 ta murojaat kelib tushgan.
Oradan bir kun o‘tib, yangi avlod darsliklarini yaratgan mualliflar prezidentga murojaat bilan chiqdi. Ular darsliklar ekspertizasi “parda ortidagi har xil o‘yinlar”ga aylanib ketmasligi kerakligini aytishdi.
“Biz darsliklar mazmuni o‘rganilishiga qarshi emasmiz, lekin bahoni xolislar bersin. Metodikadagi zamonaviy tendensiyalarni tushunadigan mutaxassislar, xolis ekspertlar baho bersin. Buning ortida o‘zining qandaydir biznes manfaatlarini ko‘zlayotgan manfaatdor shaxslar, manfaatdor chinovniklar baho bermasin. Chunki bu holatda baho xolis bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q”, – dedi murojaatchilardan biri Komil Jalilov.
“Tashabbusli budjet”da ovoz berishning oxirgi haftasi boshlandi
“Tashabbusli budjet”dagi loyihalarga ovoz yig‘ish jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Avvalgi mavsumlarda bo‘lganidek, bu gal ham odamlar o‘zlari to‘layotgan soliqlardan yig‘ilgan pullar o‘zlari istagan joyga sarflanishiga erishish uchun harakat qilyapti. Faollar mahallalarda, jamoat joylarida, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z takliflariga pul ajratilishi uchun ovoz to‘playapti, buning uchun gazli ichimliklar ham taklif qilishyapti.
Qator jamoatchilik faollari bu jarayonni olqishlamoqda. Haqiqatan ham, “Tashabbusli budjet” aholining erkin saylovlarga go‘yoki tayyor emasligi haqidagi gaplar afsona ekanini yana va yana isbotlayapti. Iqtisodchi Otabek Bakirov buni obrazli tarzda “parlamentning boshlanishi” deya ta’rifladi. Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov bu loyiha aslida Oliy Majlis qilishi kerak bo‘lgan ishni qilayotganini aytdi.
Loyihadagi odamlar faolligidan kelib chiqib aytish mumkinki, xalq saylagan deputatlar xalq pulini ular istagandek taqsimlaydigan kunlar kelmaguncha “Tashabbusli budjet” kabi loyihalar albatta bo‘lishi shart. Ularga ajratiladigan pullar ko‘paytirilishi ham kerak. Bunday jarayonlarni to‘xtatishga urinish – odamlardan o‘z soliqlarini qayerga ishlatishni o‘zlari hal qilish imkonini olib qo‘yish bilan barobardir.
Yakunlanayotgan haftada “Tashabbusli budjet”dagi ayrim loyihalar qisqa muddatda shubhali ravishda minglab ovozlar to‘playotgani haqida murojaatlar paydo bo‘ldi. Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, ovoz berish jarayoni yakunlanganidan keyin hamma ovozlar qayta tekshirib chiqiladi. Ta’kidlashni istardikki, bu kabi texnik masalalar albatta yechim topishi, shu bilan birga, loyiha kelajagi so‘roq ostiga qo‘yilishiga sabab bo‘lmasligi kerak.
Toshkentda yana 100 ta daraxt nobud bo‘ldi
Daraxt kesishga moratoriy oyoqosti bo‘lishda davom etyapti. Bir hafta ichida Toshkent yana ikkita yashil hududidan ayrildi. Chilonzor ko‘chasida yo‘l bo‘yidagi yuzdan ortiq daraxtga zarar yetkazilganiga bir oy ham bo‘lmay, xuddi shu ko‘chada, tuman prokuraturasi ro‘parasida 58 tup daraxt kesib tashlandi. Uchtepada esa 42 tup daraxt joyidan ko‘chirilgan va ular qurib qolgan. Faollarning aytishicha, daraxtlardan asar ham qolmagan bu yerni istirohat bog‘iga aylantirish haqidagi rejalar bo‘lgan, lekin oxir-oqibat hudud baribir sotilib ketgan.
Bu ikki qonunbuzarlikning tarixi juda o‘xshash. Avvalo, har ikkala hududdagi daraxtlar haqida jamoatchilik anchadan beri xavotir bildirib kelayotgan, mas’ullarni kutilgan jinoyatlarning oldini olishga chaqirayotgan edi, lekin hech kim tayinli chora ko‘rmagan. Qolaversa, Toshkent shahar hokimligi bu ikkala yer maydonini tadbirkorlarga 2020 yilda, ya’ni daraxt kesishga moratoriy allaqachon amal qilayotgan vaqtda berib yuborgan.
Hafta oxiriga kelib, Chilonzordagi holat bo‘yicha 3 kishi ushlandi, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov qamoqqa olindi (ertasiga qo‘yib yuborilgani ma’lum bo‘ldi). Bu yangiliklar bilan bir vaqtda, endi Gulistondagi istirohat bog‘ida 16 tup daraxt kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov Angor prokurorini so‘kkanidan prezident xabardor ekani ma’lum bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev selektorda yangi maktablar qurilishi va ta’mirlanishi bo‘yicha vazifalarni bajarmagan hokimlarga tanbeh berib, ular orasida Bobolovga alohida to‘xtaldi. “Sen prokuror bilan telefonda gaplashishdan oldin maktablar qurilishini joyiga qo‘yib qo‘y. Charchagan bo‘lsang, ishdan olaman seni ham”, – dedi davlat rahbari.
Navoiy viloyatidagi kam ta’minlanmagan oilalarga maktab formasi uchun ajratilgan pullar “tuya qilindi”. Kun.uz'ning aniqlashicha, 1650 ta ehtiyojmand oiladagi har bir o‘quvchiga forma uchun 300 ming so‘mdan naqd berilishi kerak bo‘lgan, lekin bu pul ro‘yxatdagi hammaga ham yetib bormagan. Xatirchida esa pul emas, narxi 300 ming so‘mdan arzon maktab formasi tarqatilgan va odamlardan go‘yoki ular naqd pul olgani haqidagi hujjatga imzo qo‘ydirib olingan.
1-sinfga borgan ayrim qizaloqlarga qop-qora ryukzaklar berildi. Ayrimlar uchun bu yangilik bo‘lmasligi mumkin, lekin Prezident sovg‘asi masalasi ham darslik va forma mojarolari fonida xalq ta’limidagi muammolar ko‘lamini ko‘rsatib beradi. Bu ryukzaklarga qarab, bozorda sotilmay qolgan mahsulotni Prezident sovg‘asi sifatida o‘tkazib yuborishgan degan xayol keladi. Ayrim o‘g‘il bolalarga esa qizlar uchun mo‘ljallangan gulli sumkalar berilgan.
O‘tgan oyda Oliy sud rais o‘zgarganidan keyin, mahkamada jiddiy kadr almashinuvlari ro‘y bermoqda. Kun.uz yozganidek, ishi sudyalarni oqlab berishdan iborat bo‘lib qolgan Oliy sud Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasining barcha xodimlari yoppasiga ishdan chetlatilgan. Uch nafar sudyadan ishdan bo‘shash haqida ariza olingan.
Siz ortda qolayotgan haftada O‘zbekistonda ro‘y bergan asosiy voqea-hodisalar dayjestini tomosha qildingiz. Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli o‘tsin!
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024