O‘zbekiston | 21:36 / 14.09.2022
23696
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand muhim sammitga qanday tayyorlandi: anjuman o‘tadigan joydan reportaj

Shanhay hamkorlik tashkilotining 22-sammiti Samarqand shahrida 15-16 sentabr kuni tashkillashtiriladi. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman oldidan Samarqand mutlaqo yangicha qiyofa kashf etmoqda. Qadimiy shahar bugun mehmonlarni qabul qilishga shay holatga keltirilgan.

Ko‘hna shaharda misli ko‘rilmagan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shahar ko‘chalariga ko‘p yillik manzarali daraxtlar va gullar o‘tqazildi. Markaziy ko‘chalar boshqatdan asfalt qilindi. Energiya tejovchi yoritish chiroqlari o‘rnatilib chiqildi.

Shaharning havo darvozasi — Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Endi u barcha turdagi uchoqni qabul qila oladi.

Tadbir o‘tadigan joy «Ipak yo‘li Samarqand» turistik markazi ikki yil ichida qurib, foydalanishga topshirildi. Eshkak eshish kanali sohilidagi qariyb 260 gektar maydonda mo‘’jaz shahar qad rostladi: 2 ta besh yulduzli, 2 ta to‘rt yulduzli va 4 ta butik-hotellar barpo etildi.

ShHT sammitining asosiy tadbirlari shu yerda qad rostlagan Kongress markazda bo‘lib o‘tadi.

Rossiya delegatsiyasi joylashadigan besh yulduzli Samarqand Rejinsi Amir Temur mehmonxonasida ishlash uchun xorijiy davlatlarda tajriba orttirib kelgan mahalliy kadrlar ishga olingan.

Front ofis menejyer Go‘zal Nazarova Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar davlatlarida ishlagan. U 8 yil davomida dunyoning sanoqli lyuks tipidagi aviakompaniyalaridan biri Qatar airways’da ishlab, tajriba to‘plagan. Endi esa xorijda orttirgan tajribalari bilan O‘zbekistonda o‘rtoqlashishga ahd qilgan.

 Go‘zal Nazarova

Silk Road Minyoun va lia! by Minyoun stars of Ulugbek hotellarining klaster bosh menejyeri Charli Yang esa bo‘lajak tadbir mehmonxonalarning kelgusidagi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi uchun katta imkoniyat ekanligini so‘zlay turib, o‘ta muhim shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha personal tajribasi oshishiga urg‘u berdi.

Charli Yang

Ushbu qimmatbaho va shinam mehmonxonalar faqat shu tadbir uchun qurilmagan. SILK ROAD SAMARKAND turizm markazining savdo marketing bo‘yicha direktori Artyom Sosninning aytishicha, mehmonxonalarga turistlar, xalqaro tashkilotlar, sport tashkilotlari tomonidan allaqachon buyurtmalar berilmoqda. Ushbu majmuada Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitining o‘tkazilishi esa majmuaning kelgusida faoliyat ko‘rsatishi uchun yaxshigina start bo‘ladi, dedi mutaxassis.

 Artyom Sosnin

Albatta, turistik markazning javohiri “Boqiy shahar” etnoshaharchasidir. Bu yerda qadimiy me’moriy an’analarga xos tarzda ust-hunarmandlar ustaxonasi, savdo rastalari, milliy taomlar markazlari barpo etildi.

Eng muhimi — 170 gektar joyda ulkan dendrabog‘ paydo qilindi. U yerga ekilgan daraxtlar soni 25 mingdan ortiq. Butalar, chalabutalar va gullarning esa hisobi yo‘q. Bizga majmuaning bosh agronomi Yorqin Hojiyev amalga oshirilgan ishlar borasida so‘zlab berdi.

 Yorqin Hojiyev

«Har bir daraxt uchun maxsus e’tibor berildi. Tuproqning kimyoviy tarkibi, daraxtlarga beriladigan o‘g‘itlar — barcha-barchasi hisobga olingan. Hudud juda og‘ir joy. Chunki sizot suvlari yaqin. Qolaversa, daraxtlarning 95 foizi xorijdan keltirilgan. Ularni mahalliy quruq iqlimga moslashtirish uchun 2 yil davomida issiqxonada saqladik», — deydi Yorqin Hojiyev.

Qayd etish joiz, jahonda uchtadan bittasi bo‘lgan Samarqand eshkak eshish kanali ham qayta ta’mirlandi. U o‘z funksiyasini bajarishda davom etadi hamda kelgusida respublika va xalqaro sport musobaqalarini qabul qiladi. Kanalda 9 ta kemadan iborat Samarqand flotiliyasi tashkil etilgan. Shuningdek, yana 6 ta yengil kater ham keltirilgan. Eski eshkak eshish kanalining katamaranlari ham ta’mirdan chiqarilyapti ekan. Xullas, kanal sport musobaqalaridan xoli paytlarda turistlar va mahalliy aholini kanal bo‘ylab sayr qildirishga ixtisoslashtirilgan.

Flotiliya botsmani — armanistonlik dengizchi, ko‘p yillar davomida yelkanli fregatlarda botsmanlik qilgan tajribali Mamikon Akopyan mahalliy yigitlarni kema boshqarishga o‘rgatmoqda.

 Mamikon Akopyan

Samarqand turistik markazidagi eng tomoshabop hududlardan biri musiqali favvora bo‘lib, u tunda bir necha xil chiroqlarda tovlanib, 50 metrgacha sinxron ravishda suv ota oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand muhim xalqaro tadbirga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Ushbu tadbirdan esdalik sifatida jahon talablariga javob beradigan mehmonxonalar, ulkan bog‘, saylgohlar qoldi. Shahar ko‘chalari obodonlashtirildi. O‘n minglab daraxtlar, butalar va gullar o‘tqazildi.

Ushbu mo‘’jaz shaharcha Shanhay hamkorlik tashkiloti tadbirlaridan so‘ng mahalliy aholi va xorijlik turistlar uchun ham ochiladi va ajoyib hordiq chiqarish maskaniga aylanadi. Endigi navbat, bu durdonani ko‘z qorachig‘idek asrashga.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchilar va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov, Jahongir Aliboyev.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid