Jahon | 09:01 / 15.09.2022
6053
3 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya bosh vaziri iste’foga chiqyapti

Magdalena Andersson Shvetsiyadagi parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nglar parlamentdagi 349 o‘rindan 176 o‘ringa ega bo‘lsa, 173 o‘rin so‘lchilarga tegishli.

Foto: Getty Images

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson 14 sentabr, chorshanba kuni mamlakatdagi parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganini tan olib, iste’foga chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi
 
Shvetsiyada 11 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ovozlarning 99 foizdan ortig‘i sanab chiqilgach, Mo‘’tadil koalitsiya partiyasi yetakchisi Ulf Kristersson atrofidagi to‘rtta o‘ng blok Andersson va uning Sotsial-demokratik partiyasi atrofida tashkil etilgan so‘l markazchi blok ustidan kichik farq bilan g‘alaba qozondi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentdagi 349 o‘rindan o‘nglar (Mo‘’tadil koalitsion partiya, Liberal partiya, Xristian-demokratik partiya va «Shvetsiya demokratlari») 176 o‘ringa ega bo‘ldi, 173 o‘rinni so‘l partiyalar vakillari egalladi.

Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Andersson bu «kichik ko‘pchilik, ammo shunga qaramay ko‘pchilik» ekanligini ta’kidladi. «Ertaga men bosh vazirlikdan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza beraman, jarayonni davom ettirish mas’uliyati spiker va riksdag (Shvetsiya parlamenti – tahr.) zimmasiga o‘tadi», dedi u va yangi hukumatda Sotsial-demokratlar muxolifat partiyasiga rahbarlik qilishini qo‘shimcha qildi. Yangi hukumat shakllanishi davrida Andersson o‘tish davri kabinetiga rahbarlik qiladi. 

Bosh vazirlikka ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rilayotgan Kristersson allaqachon yangi hukumatni shakllantirishni boshlab yuborganini aytdi. 

Kristersson blokidagi to‘rt partiya oxir-oqibat yangi hukumatda hamkorlik to‘g‘risida kelishib oladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Biroq, ovoz berish natijalari shuni ko‘rsatadiki, bir vaqtlar marginal o‘ng qanot populistik «Shvetsiya demokratlari» birinchi marta Skandinaviya qirolligi hukumatiga kirishi mumkin. Saylovda ishtirok etib, an’anaviy o‘ng qanot partiyalari – Mo‘’tadil koalitsiya, Liberal va Xristian-demokratlar – o‘ta o‘nglar ko‘magida mamlakatni boshqarishga tayyor ekanliklarini bildirdi. 

Mutaxassislarning fikricha, migratsiya siyosatini qat’iylashtirish tarafdori bo‘lgan «Shvetsiya demokratlari»ning ommalashib borayotgani Shvetsiyaga migratsiya oqimi kuchayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Aholisi 10 milliondan sal kam bo‘lgan bu Skandinaviya davlati so‘nggi o‘n yil ichida yarim millionga yaqin boshpana izlovchini qabul qilgan. 

Mavzuga oid