Qo‘l uchida qilingan ish. Rishtonda boshlangan ta’mirlash chala tashlab ketildi
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Zohidon qishlog‘iga 2021 yil yanvar oyidan boshlab 15 kmlik masofada “kanalizatsiya” tortish ishlari boshlangan. Qurilish tashkilotining mas’uliyatsizligi sabab asfalt sathidan oqova suv tarmog‘ining “kolodets”i yuqorida joylashtirib ketilishi ortidan ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lmoqda. Avtomobil ballonlarining yorilishi oddiy holga aylangan.
Zohidon qishlog‘ida yashovchi Rashid Mamayusupovning ta’kidlashicha, kolodetsga urilishi oqibatida avtomobilining ikki balloni yorilib ketgan.
“Qishlog‘imizdan kanalizatsiya quvuri olib o‘tishdi. Ishlar bajarilmasidan avval yo‘limiz ravon, asfalt ham sifatli edi. Eng achinarlisi, quvur tortish ishlaridan keyin kolodetslar asfaltdan ancha ko‘tarilib qoldi. Bugungi kunda ko‘pchilikda texnika bor.
Boshqalar qatori men ham bu holatdan jabr ko‘rdim. Donasi 600 ming so‘m turadigan ikki ballonim beton qirrasiga tegib yorilib ketdi. Qarama-qarshi tomondan mashina kelib qolganida beixtiyor kolodets ustiga mashina haydashga majbur bo‘lyapmiz. 5-6 nafar haydovchi mendek holatdan jabr ko‘rishdi,” – deydi u.
“Kanalizatsiya o‘tganiga bir yil bo‘ldi. Kolodetsni ikki tashkilot qo‘yib o‘rnatib ketdi. Kolodetslar asfaltdan bir qarich balandda joylashgan. Holatdan ayniqsa haydovchilar aziyat chekishyapti. Yo‘l-transport hodisalari juda ko‘p bo‘lyapti. Ishlar qo‘l uchida qilingan. Amalga oshirgan ishlari talabga javob bermaydi. Ayrim joylarda yo‘llar yarim metrgacha cho‘kib yotibdi. Qayerga murojaat qilishni ham bilmay qoldik”, – deydi Nurafshon ko‘chasida yashovchi Abdusalom Yo‘ldoshev.
Muzaffar Tojixolov haydovchilarni qiynayotgan mavjud muammo qatori ichimlik suvi quvuri yorilib ketgani, mutasaddilar esa masalaga panja ortidan qarayotganini ta’kidladi.
“Kolodetsning ahvolini ko‘rib turibsiz. Yo‘ldan ancha balandda. Yo‘lning ikkinchi tomonidan esa ichimlik suvi quvuri olib o‘tilgan. Suv quvuri yorilib ketganiga yaqinda bir oy bo‘ladi. Aholi pul yig‘ib ehtiyot qismini olib berdik. Suv ta’minotdan kelib ulab ketishdi. Oradan 3-4 kun o‘tib yana quvur yorildi. Suv uchun aholi to‘lovlarni amalga oshirgan. Hech bir tashkilot mavjud muammoni gardaniga olgisi kelmayapti. Aholi ichimlik suvisiz yashamoqda”, – deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, tumanning Avazboy, Zohidon, Amirobod qishloqlariga kanalizatsiya tortish ishlari “Farg‘ona me’mor qurilish” MChJ tomonidan olib borilayotgan ekan. Qurilish tashkiloti bosh muhandisi Mo‘minjon Mirzakarimov va’da qilishicha, tez fursat ichida haydovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgan muammo bartaraf qilinadi. Avtomobil balloni yorilgan haydovchilarga esa zarar to‘liq qoplab beriladi.
“Rishton tumanining markaziy ko‘chalariga oqova suv tarmog‘i tortish hamda tozalov inshootini qurish uchun tenderda qatnashib g‘olib bo‘lganmiz. 2021 yilda 15 km tarmoq tortish uchun qurilish-montaj ishlari bajarildi. Hozirgi kunda tumanning Amirobod qishlog‘ida tozalov inshooti qurilishi Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar obekt to‘liq foydalanishga topshiriladi. Tarmoq tortish ishlarida ayrim ko‘chalarda aniqlangan kamchiliklar, nuqsonlar bugungi kundan bartaraf qilinishi boshlandi.
Mavjud bo‘lgan barcha kamchiliklarni 10 kun ichida bartaraf qilishga va’da beramiz. Haydovchilarning yorilgan balloni uchun keltirilgan zararni to‘liq qoplab beramiz”, – deydi “Farg‘ona me’mor qurilish” MChJ bosh muhandisi Mo‘minjon Mirzakarimov.
Holatni tasvirga olish jarayonida qatnov yo‘lidan ancha balandda o‘rnatib ketilgan kolodetslarni pastga tushirish, yo‘lning cho‘kib qolgan qismini qayta asfaltlash ishlari boshlab yuborildi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
13:10
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024
Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:23 / 07.10.2024
Farg‘onada Lacetti urib yuborgan shaxs halok bo‘ldi
11:51 / 01.10.2024