O‘zbekiston | 08:05 / 24.09.2022
3457
4 daqiqa o‘qiladi

«Dom»larga tutash yerlar uyni boshqarish organiga foydalanishga beriladi

Foto: Kun.uz

“Ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini ko‘p kvartirali uyni boshqarish organiga foydalanishga berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini boshqarish organiga foydalanishga berish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:

  • ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini foydalanishga berish va saqlash tartibi, foydalanishda belgilanadigan asosiy talablar;
  • tutash yer uchastkasida joylashtirilishi mumkin bo‘lgan bino va inshootlar, boshqarish organi tutash yer uchastkasidan foydalanishdagi huquq va majburiyatlari;
  • tutash yer uchastkasidan foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik va nizolarni hal etish tartibi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • tutash yer uchastkasidan foydalanish ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari roziligiga asosan amalga oshiriladi;
  • tutash yer uchastkasi faqat ushbu yer uchastkasidan foydalanish mumkin bo‘lgan maqsadlar uchun va ushbu ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqarish organiga beriladi;
  • tutash yer uchastkasidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan ijara to‘lovlari ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilanadi;
  • tutash yer uchastkasidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlari ushbu ko‘p kvartirali uy umumiy mol-mulkini boshqarish xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Tutash yer uchastkasini boshqarish organiga foydalanishga berish joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishi qarori asosida amalga oshiriladi.

Tutash yer uchastkasini foydalanishga olish uchun boshqarish organi ushbu masalani muhokama qilish to‘g‘risida joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida e’lonni yig‘ilish o‘tkazilishi belgilangan kunidan kamida o‘n kun oldin uylar har bir kirish yo‘lagiga osib qo‘yish yoki e’lonni mulkdorlarga imzo qo‘ydirib topshirish yoxud umumiy yig‘ilishda so‘rovnoma o‘tkazish orqali qaror qabul qilish uchun umumiy yig‘ilish qarori loyihasini har bir mulkdorga yuborish orqali xabardor qiladi.

Joylar mulkdorlari bo‘lgan yuridik shaxslarni xabardor qilish tegishli xabarni yoki umumiy yig‘ilishda so‘rovnoma o‘tkazish orqali qaror qabul qilish yuzasidan tayyorlangan umumiy yig‘ilish qarori loyihasini buyurtma xat bilan yuridik manzilga yuborish, elektron xabar qilish yoki vakolatli vakilga imzo qo‘ydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.

Boshqarish organi umumiy yig‘ilishda qabul qilingan qarorga muvofiq joylar mulkdorlari yoki ular vakillari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tutash yer uchastkasini keyinchalik uzaytirish sharti bilan uch yilgacha bo‘lgan muddatda haq evaziga yoki tekin ijaraga berish to‘g‘risida shartnoma tuzish chorasini ko‘radi.

Tutash yer uchastkasi uchun to‘lanadigan ijara to‘lovlari miqdori joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi. Tutash yer uchastkasidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan ijara to‘lovlari ulushli mulk ishtirokchilari ulushlariga mutanosib ravishda ushbu ko‘p kvartirali uy umumiy mol-mulkini boshqarishga yo‘naltiriladi.

Tutash yer uchastkasidan quyidagi turdagi vaqtinchalik qurilmalarni joylashtirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘yiladi: boshqarish organi boshqaruv va xizmat ko‘rsatish ofislari; avariya-dispetcherlik xizmati punktlari; issiqlik ta’minoti punktlari; ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan mexanik elektr, sanitariya-texnika inshootlari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid