Jahon | 08:38 / 07.10.2022
8090
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev yil oxirigacha Armaniston bilan tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkinligini bildirdi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev yil oxirigacha Armaniston bilan tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlarini RIA Novosti keltirmoqda.

Foto: trend.az

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, «Armaniston yaxshi niyat qilgan taqdirda» 2022 yil oxirigacha tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin. «O‘ylaymanki, agar yaqin orada qaror qabul qilinsa, ikki davlat ishchi guruhlari tinchlik shartnomasi matni ustida ishlay boshlaydi, yil oxirigacha kelishuvga erisha olamiz», dedi u.

Aliyevning bildirishicha, na Armanistonda, na Yevropa kengashida Boku e’lon qilgan tamoyillar haqida hech qanday savol yo‘q. Ular orasida suverenitetni o‘zaro tan olish, hududiy da’volarning yo‘qligi, davlatlararo munosabatlarda bir-birining xavfsizligiga tahdid solmaslik, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, diplomatik munosabatlar o‘rnatish, shuningdek, transport va aloqa hamda boshqa sohalardagi hamkorlik bor.

Avvalroq Aliyev Boku Yerevan bilan adovatni to‘xtatib, «tinchlikning yangi sahifasini ochmoqchi ekani»ni aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon tinchlik jarayoniga nisbatan ma’lum bir optimizmga ega. U tinchlik shartnomasini tayyorlash uzoq davom etmasligiga umid qildi.

Mavzuga oid