O‘zbekiston | 08:43 / 12.10.2022
1543
3 daqiqa o‘qiladi

Opera san’atini targ‘ib qilish chora-tadbirlari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Opera va balet san’atini targ‘ib qilish va iqtidorli ijodkorlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga muvofiq, opera va balet san’ati bo‘yicha iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni yuzaga chiqarish va rag‘batlantirish tizimini joriy qilish maqsadida har yili an’anaviy tarzda respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi: fevral oyida – yosh vokal ijrochilari; aprel oyida – yosh balet ijrochilari; iyun oyida – dirijyor, rejissyor va baletmeysterlar.

Respublika ko‘rik-tanlovlari Gran-pri va I o‘rin g‘oliblari mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

2022 yildan boshlab davlat budjeti hisobidan har ikki yilda quyidagilar o‘tkaziladi: Halima Nosirova nomidagi xalqaro yosh operachilar ko‘rik-tanlovi; «Toshkent bahori» xalqaro opera va balet festivali.

Xalqaro nufuzli opera va balet festivallari, tanlovlarida I, II va III o‘rinlarni egallagan ijodkorlar davlat budjeti hisobidan daromad solig‘idan ozod qilinadigan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi: I o‘rin uchun –  100 BHM; II o‘rin uchun – 70 BHM; III o‘rin uchun – 50 BHM.

Hujjat bilan ko‘rik-tanlovlar va festivallarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan. 

Tashkiliy qo‘mitalar asosiy vazifalari sirasiga quyidagilar kiradi: tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida ishlab chiqish; aniq muddatlarni belgilash va ular haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish; xalqaro tadbirlar hakamlar hay’ati tarkibini shakllantirish, ish tartibini tasdiqlash, tanlovlar ishtirokchilari yosh chegarasini belgilash va hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilgan mutaxassislar ishtirokini ta’minlash; xarajatlar smetasini ishlab chiqish, metsenatlik ko‘magi, yuridik va jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini doimiy tarzda jalb etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid