Jahon | 19:11 / 17.10.2022
13874
5 daqiqa o‘qiladi

Moskvaliklar uchun safarbarlik yakunlandi. Yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari endi haqiqiy emas

Moskva meri Sergey Sobyanin hudud rahbarlari orasida birinchi bo‘lib Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun fuqarolarni safarbar qilish tugaganini ma’lum qildi.

RUSSIAN DEFENCE MINISTRY PRESS SERVICE

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan haftada safarbarlik taxminan ikki hafta ichida yakunlanishini aytgandi. 1 noyabrdan Rossiyada muddatli harbiy xizmatchilarning kuzgi chaqiruvi boshlanadi.

Shahar rahbarining harbiy yoshdagi moskvaliklarga aytgan asosiy yangiligi shundan iboratki, yashash joyiga va korxonalarga yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari endi o‘z kuchini yo‘qotadi.

«Safarbar qilinganlarni yig‘ish punktlari 2022 yil 17 oktyabr kuni soat 14:00 da yopiladi», deb yozdi Sobyanin o‘z blogida.

Mulozim buni Mudofaa vazirligining Moskvadagi safarbarlik bo‘yicha topshirig‘i «to‘liq bajarilgani» bilan izohladi. U moskvaliklarning qanchasi safarbar qilingani haqida aniq ma’lumot bermadi.

Avvalroq Rossiyaning kamida qirqta hududi rahbari Mudofaa vazirligi topshirig‘i to‘liq bajarilgani haqida hisobot bergan, biroq u yerlarda safarbarlik to‘xtamagan edi.

Reydlardan keyin safarbarlikning bekor qilinishi

Moskvada safarbarlik oblastlardagi kabi ommaviy bo‘lmadi, deydi kuzatuvchilar. Ammo so‘nggi paytlarda rasmiylar safarbar etilganlarni izlashni kuchaytirdi.

O‘tgan haftada Moskvada metro bekatlari yaqinida, Sankt-Peterburgda esa turar joy binolarida harbiy yoshdagi erkaklarga nisbatan politsiya «reydlari» o‘tkazildi, ular ushlanib, harbiy komissariatlarga chaqiruv qog‘ozlari tutqazildi. Mojarodan keyin bu amaliyot hatto hukumat vakillari tomonidan ham tanqid qilindi.

Putin 21 sentabr kuni Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilgandi. Cheklangan xarakterga ega bo‘lishiga qaramay, jangovar tajribasi bo‘lmagan va kasalliklarga chalingan keksa odamlar ham safarbar qilindi. Putinning o‘zi safarbarlikdagi xatolarini tan oldi, lekin buni katta muammo deb atamadi.

Putinning safarbarlik to‘g‘risidagi farmonida uning qaysi muddatlarda amalga oshirilishi ko‘rsatilmagan. Safarbar qilinishi kerak bo‘lganlar soni yashirildi. Biroq, mudofaa vaziri Sergey Shoygu 300 ming kishini chaqirish rejalari haqida gapirdi (bu orada OAV 1 milliondan ortiq odam safarbar etilishi mumkinligi haqidagi farazlarni ilgari surdi).

14 oktyabr kuni Putin safarbarlik «taxminan ikki hafta» ichida yakunlanishi mumkinligini aytdi. «300 mingdan 222 ming nafari allaqachon harbiy qismlarda tayyorgarlik jarayonida, 33 ming nafari jangovar qismlarda, 16 ming nafari esa jangovar topshiriqlarni bajaruvchi qismlarda», dedi Rossiya prezidenti.

Putinning so‘zlari hududiy rahbarlarning safarbarlikning ikkinchi to‘lqini ehtimoli haqidagi xabarlari fonida yangradi. Kreml gubernatorlarning bunday da’volarini rad etdi va Putinning o‘zi ham «qo‘shimcha hech narsa rejalashtirilmagani»ni aytdi.

Birinchi o‘limdan keyin

Rasmiylar frontda birinchi safarbar etilganlarning o‘limini tan olganidan keyin Putin qo‘shimcha safarbarlik rejalari yo‘qligini e’lon qildi. Safarbar etilganlarning o‘limi haqida birinchi marta Chelyabinsk oblastida rasman xabar berildi. Sobyanin va boshqa gubernatorlar yo‘qotishlar haqida hali xabar bermadi. Biroq Ukrainada halok bo‘lganlar orasida Moskva hukumatining 28 yoshli xodimi ham borligi ma’lum.

«Tirik va sog‘-salomat qaytishingizga umid va duo qilamiz. G‘alaba bilan qaytishingizga», deb yozdi Sobyanin blogida.

O‘tgan haftada Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi vakili, kommunist Viktor Sobolev Moskva shahriga «arzimas miqdorda» reja qo‘yilganiga qaramay, safarbarlik topshirig‘i atigi 50 foizga bajarilgani haqidagi bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda mojaro keltirib chiqargan edi.

«Mana moskvaliklar qanchalik chirigan bo‘lib chiqdi», dedi Sobolev «Pod’yom» nashriga.

Qo‘mita raisi, avval mudofaa vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Andrey Kartapolov bu ma’lumotlarni tasdiqlamadi va Sobolevni populizmda aybladi.

21 sentabrdan keyin ko‘plab moskvaliklar va Rossiyaning boshqa mintaqalari aholisi safarbarlikdan qochish va Ukrainadagi urushga bormaslik uchun chet elga jo‘nab ketishdi. Yuz minglab erkaklar mamlakatni tark etishdi.

1 noyabrdan Putinning farmoniga ko‘ra, Rossiyada muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlarni armiyaga chaqirish ishlari boshlanishi kerak. Harbiy komissariatlar safarbarlikni yig‘ishtirib, shu ishga e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi.

«Biz qisman safarbarlik bilan bog‘liq tadbirlarni yakunlayapmiz. Bugun [17 oktyabr] soat 14:00 dan boshlab safarbarlik qog‘ozlariga ko‘ra harbiy qo‘mitaga borish talab qilinmaydi. Yaqin kunlarda qo‘shimcha punktlar ham yopiladi», - dedi shahar harbiy komissari Maksim Loktev «Moskva» axborot agentligiga.

Mavzuga oid