O‘zbekiston | 16:05 / 24.10.2022
12099
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 57 yoshli shifokorni do‘pposlagan shaxs qamoqqa olindi

Avvalroq ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 2022 yil 20 oktyabrdagi sud qaroriga ko‘ra ayblanuvchiga 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayblov e’lon qilingan.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, G‘uzor tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida shifokorning do‘pposlanishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Unga nisbatan, 2022 yil 20 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayblov e’lon qilinib (uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan), u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudining ajrimiga asosan ayblanuvchi R.A.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq, viloyat IIB axborot xizmati jabrlanuvchi IIBga ariza bilan murojaat qilgani va uni do‘pposlagan shaxsga nisbatan 2022 yil 19 oktyabr kuni G‘uzor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan (BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan) jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 14 oktyabr kuni G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam xizmati jonlantirish bo‘limiga yuqori qon bosimi tashxisi bilan G‘uzor tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi D.O. olib kelingan.

Oradan ko‘p o‘tmasdan D.O.ning turmush o‘rtog‘i va bolalari shifoxonada janjal qilib, bemorning o‘g‘li R.A. jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, navbatchi-shifokor T.H.ni haqorat qilib, urib, do‘pposlab, unga tan jarohati yetkazib, bezorilik harakatlarini sodir etgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid