Jahon | 11:05 / 03.11.2022
24561
6 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyaga jo‘natilgan bolangiz navbatdagi qurbonga aylanmasin» – o‘zbek muhojiri yurtdoshlarni ogohlantirmoqda

Kun.uz saytida «Rossiyada jazoni o‘tayotgan xorijliklar Ukrainadagi urushga jo‘natildi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor» sarlavhali maqola e’lon qilinganidan so‘ng Rossiyada muhojirlikda bo‘lgan o‘zbekistonlik Baxtiyor Tursun sayt tahririyati bilan bog‘landi va o‘zbekistonliklar qanday qilib tuzoqqa tushib qolayotganiga misollar keltirdi.

Maqolada Rossiya tarkibiga kiruvchi Mordoviya respublikasidagi 17-sonli axloq tuzatish koloniyasida giyohvandlik vositalarini sotish, qotillik va zo‘ravonlik jinoyatini sodir qilganlik uchun jazoni o‘tayotgan 40 nafardan ortiq xorijlik mahbus «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) tarkibida Ukrainadagi urushga yuborilgani, ular orasida o‘zbekistonliklar ham borligi yozilgan.

«E’tibor qiling, mahbuslikdagi yigitlarimizning ko‘pchiligi asosan narkotik moddalarning noqonuniy savdosi bilan ayblanib qamoqqa olingan», – deydi Baxtiyor Tursun.

«Narkotik savdosiga aralashib qolib, qamalib ketayotgan yurtdoshlarimiz haqida bir yil ichida besh-olti marta xabar qo‘yganman. Sudgacha bo‘lgan vaqtini «SIZO»larda kutib yotgan yigitlar bilan bir necha marta gaplashdim.

Ko‘pchiligi yosh bolalar, asosan Rossiyaga yangi kelgan, til bilmaydigan, qonun va yo‘l-yo‘riq tushunmaydigan yigitlar. Endi bir o‘ylab ko‘rsak, Rossiyaga yaqinda kelgan, hali bu joyning past-balandini yaxshi bilmaydigan odam, kamiga til bilmasa qanday qilib bu ishga aralashib qolyapti?

«Menga bering, molingizni o‘zim aytilgan joyga eltib beraman» deb bu ish bilan shug‘ullanadiganlarning oldiga o‘zlari borayaptimi?

Hozir sud kunini bir yildan beri kutib yotgan yigit bilan bo‘lgan qisqa suhbatni hikoya qilib bermoqchiman. Bu yigit Moskvaga ilk marta kelib olti oydan keyin narkotik modda bilan qo‘lga olingan.

— Ukaginamey, nimalar qilib qo‘yding a? Advokat bilan, tergovching bilan ham gaplashdim, kami o‘n besh yil kesiladi deyapti. Qurilishda ishlab yurganding, topishing ham yaxshi edi. Qanday qilib bu baloga aralashib qolding?

— Aka adashdim, bir marta qattiq adashdim, endi bir umrga pushaymon yeb o‘taman. Xabaringiz bor qurilish firmasida ishlardim, yakshanba kunlari dam olish edi.

Bekor yotmay, harna bir ikki so‘m topsam yaxshi-ku, deya qo‘shimcha ishga chiqardim.

Kunlik ishlarni migrantlar uchun ochilgan telegram kanallardan topardim. Bir kuni «Kunlik ish bor, yaxshi pul to‘laymiz» deb yozilgan e’lon tagidagi raqamga yozdim. Bitta boshqa raqam berib shu raqamga telefon qiling deyishdi.

— O‘zbekmidi, o‘zbekcha gapirdimi?

— Ha aka, o‘zbekcha gapirdi, men ruschani yaxshi bilmaymanku hali. Qayerdanligimni, rusga qachon kelganimni, rus tilini bilish bilmasligimni va yoshimni so‘rashdi. O‘zim haqimda batafsil ma’lumot berganimdan keyin «ish bor» deyishdi.

Ochiq aytishdi lekin, taqiqlangan mol bor, paketchada. Bir joydan olib ikkinchi joyga yetkazib berasan. Uzog‘i bilan bir soat vaqting ketadi, sakkiz ming rubl beramiz deyishdi.

Aka sakkiz ming rubl topish uchun men besh kun ishlashim kerak, ular shuncha pulni bir soatda topish yo‘lini aytishyapti. O‘ylab ko‘raman, dedim.

Bir marta qilsam, keyin boshqa bu ishga aralashmayman, telefon raqamlarim almashtirib tashlayman, hozir pul judayam zarur bir marta aytgan molini olib boraman tamom deb o‘yladim.

Ularga telefon qildim, «roziman» dedim. Qolgan gaplarni batafsil telegram orqali aytamiz deyishdi.

Nimani qayerdan olib qayerga yetkazib berish kerak hammasini telegram orqali yozishdi. Ish bitgach pul kartangga tushadi deb aytishdi. Ertasiga aytilgan joyga bordim, kerakli narsani topib ellik qadam yurmasimdan bosishdi.

Men bilmagandim, yelim xalta ichida nima borligini bilmayman dedim tergovda tarjimonga. Ammo ular telefonimdagi yozishmalarni ko‘rsatishdi. Yotibman endi...

— O‘sha buyurtmachilar topildimi?

— Topisha olishmasa ham kerak, hozir bitta kamerada o‘ttiz kishimiz, yigirmadan ortig‘i yosh yigitlar, hammasi xuddi menga o‘xshab tushishgan, bir xil ish....

Ko‘rinadiki, hammasi ustalik bilan uyushtirilgan. Bu yigitning taqdiri har bir yurtdoshimizda qaytalanishi mumkin. Ota-onalar! Farzandlaringizni maktabni bitiriboq Rossiyaga jo‘natishdan tiyiling. Sal hayotning achchiq-chuchugini anglab yetadigan bo‘lishsin. Hech bo‘lmasa elementar darajada til o‘rganishsin. Toki o‘rta statistik mahbusga, kerak paytda jang maydonidagi navbatdagi qurbonga aylanmasin», – deya yozadi Baxtiyor Tursun.

“U hatto Rossiyaning o‘zida ham jinoyatchi hisoblanadi” – yurist urushga chaqirilayotgan migrantlar haqida

Mavzuga oid