“Kamaz”dagi saylovchilar, 40-yillardagi tug‘ruqxona va Tamaraxonim - o‘tgan asrdan fotojamlanma
1920-50-yillardagi O‘zbekistonni fotojurnalist Maks Pensonning suratlarisiz tasavvur qilish qiyin. Kun.uz uning 30 mingdan ortiq suratlari orasidan o‘zbeklar hayoti muhrlangan qismlarini jamladi.
Maks Penson o‘zbek va sovet davri fotografiyasining ko‘zga ko‘ringan vakili bo‘lib, uni rus avangardining mashhur vakili Sergey Eyzenshteyn e’tirof etgan. Asarlari butun dunyo bo‘ylab ko‘rgazmalarda namoyish etib kelingan.
Maks Penson – 1893 yilda Rossiyaning Smolensk viloyatidagi kitob muqovalovchi yahudiy oilasida tug‘ilgan fotojurnalist. Penson va oilasi 1914 yilda yahudiylarga bosim boshlanganda Qo‘qonga majburan jo‘natilgan.
U 1917 yilgi inqilobdan keyin Qo‘qon inqilobiy qo‘mitasi qoshida san’at maktabini tashkil qiladi. O‘zi shu maktabga direktor bo‘lib, 350 nafar o‘zbek bolalariga chizmachilikdan dars beradi. 1921 yilda fotoapparat olgach, hayoti keskin o‘zgarib ketadi. 1920–1940 yillarda O‘zbekiston va sovet ittifoqida mashhur fotografga aylanadi.
Suratlarida asosan O‘zbekiston aholisi va iqtisodiy hayotini aks ettiradi. Shunday qilib, 1940 yilda galereyasida 30 mingdan ortiq fotosurat bor edi.
Keyinchalik Penson Toshkentga ko‘chib o‘tib, 1926-1949 yillarda O‘rta Osiyodagi eng yirik gazeta – “Pravda Vostoka” (Sharq haqiqati)da ish boshlaydi. 1930 yillarda O‘zbekistonda davlat qurilishi va paxta yetishtirishni sanoatlashtirish jarayonlarida olgan suratlari TASS sovet axborot agentligida chop etiladi.
1933 yilda uning fotosuratlari sovet ittifoqidagi iqtisodiy taraqqiyotni aks ettirgan “SSSR: qurilmoqda” nomli to‘plamdan joy egallagan.
Stalin davrida yahudiylarga qarshi harakatlar boshlangan 1948 yilda Penson 25 yil ishlagan “Sharq haqiqati” gazetasini tashlab ketishga majbur bo‘ladi.
Fotografning 3 nafar farzandi bor. O‘g‘li Miron Penson sovet davrida mashhur kinematograf bo‘lgan. Nabirasi Maksim Penson – tijoriy suratkash, noshir, dizayner va tarjimon.
Qarindoshlari ham san’at kishilari bo‘lgan. Ron Arad ismli qarindoshi isroillik dizayner, san’atkor, arxitektor bo‘ladi. Atar Arad – isroillik skripkachi, Boris Penson esa “To‘y operatsiyasi” hujjatli filmida ishtirok etgan.
Penson 1959 yil Toshkentda vafot etadi.
1966 yildagi Toshkent zilzilasi Pensonning suratlariga ham shikast yetkazgan. Asarlarining ma’lum bir qismi zilzilada yo‘qolib ketgan. O‘sha paytda oilasi suratlarining zilziladan omon qolgan qismini qayta ishlab, olib qolgan.