O‘zbekiston | 16:34 / 09.12.2022
8184
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda jome masjid qurilishi uchun yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

O‘zini Rossiyada ishlovchi ayol sifatida tanishtigan shaxs masjid qurilishiga 150 dollar pul o‘tkazishini aytib, karta ma’lumotlarini bilib olgan va sherigi bilan undagi pullarni o‘zlashtirgan.

Foto: KUN.UZ

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida va Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar shaxs Yangiyer shahrida qurilishi rejalashtirilgan masjid uchun ochilgan bank kartasidagi pullarni o‘zlashtirgan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida yashovchi M.S. IIBga ariza bilan murojaat qilib, shaharda qurilishi rejalashtirilgan jome masjid uchun ochilgan bank kartasidagi pullarni o‘zlashtirgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning arizasiga ko‘ra, masjid qurilishi uchun ochilgan bank kartasi ma’lumotlarini ehson qiluvchilarga tarqatish uchun Telegramʼda e’lon qoldirgan.

Shundan so‘ng o‘zini Rossiyada ishlovchi ayol sifatida tanishtirgan shaxs 150 dollar ehson qilmoqchi ekanini bildirib, bank karta boshqaruvi uchun kelgan SMS-xabarni qo‘lga kiritish orqali kartadagi 73,4 mln so‘m pullarni o‘zlashtirib olgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi E.A. va uning jinoiy sherigi Toshkent shahar Sergeli tumanida yashovchi N.J. sodir etgani aniqlangan.

Mavzuga oid