O‘zbekiston | 09:24 / 11.12.2022
16444
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda elektr qarmoq bilan baliq ovlagan shaxslar jarimaga tortildi

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 2 fuqaro baliqlarni noqonuniy tarzda ovlayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar berdi.

Boshqarma nazoratchilari hamkor organlar xodimlari bilan Termiz tumanidagi «Nurafshon» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Uchqizil» kanalidan Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi T.T hamda A.O.ni taqiqlangan usullar va taqiqlangan ov qurollari (elektr qarmoq) bilan baliq ovlayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.

Boshqarma axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlardan shu yerning o‘zida bir dona rezina qayiq, bir dona akkumulyator, qo‘lbola elektr qarmoq va ovlangan baliqlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Ayni paytda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 35- va 53-moddalari talabini buzgan huquqbuzarlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 45 million 180 ming so‘m jarima chorasi qo‘llandi. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudida ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid