O‘zbekiston | 18:55 / 13.12.2022
30066
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: “Toshkent shahrida svet-gaz muammosi bo‘lmasligi kerak”

“Toshkentdagi hamma muammolarni shaxsan o‘zim kuzatib boraman. Nafaqat Toshkent, butun mamlakat bo‘yicha o‘rganib boraman. Svet, gaz muammolarini yaxshi bilaman. Toshkent shahrida svet-gaz muammosi bo‘lmasligi kerak. Hammasi yetarli darajada ajratilgan, faqat o‘z o‘rnida ishlatishni bilish kerak”, – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Chilonzordagi issiqlik markazida / Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchtepa tumanidagi qator obektlarni ko‘zdan kechirgan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ayni paytda tuman faollari va mutasaddilar bilan uchrashib, muammolarni muhokama qilmoqda.

“Hamma narsaning yechimi mahallada. Men ham prezident bo‘lsam-da, mahallada yashayman, mening mahallamda ham rais bor. Mahalla raisidan: “Bahodir aka, ishlaringiz yaxshimi? Mahallada nima gaplar? Menga qanday savollar bor?” deb so‘rab turaman. Toshkentdagi hamma muammolarni shaxsan o‘zim kuzatib boraman. Nafaqat Toshkent, butun mamlakat bo‘yicha o‘rganib boraman. Svet, gaz muammolarini yaxshi bilaman. Toshkent shahrida svet-gaz muammosi bo‘lmasligi kerak. Hammasi yetarli darajada ajratilgan, faqat o‘z o‘rnida ishlatishni bilish kerak”, – dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev yildan yilga elektr energiyasiga ehtiyoj ortib borishi, avvalo zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kerakligini ta’kidladi.

“Mana, bugun borgan qozonxonamizni qarang. Yarim tumanning sveti ketadi u yerga. Yangi texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirishimiz kerak.

Bundan tashqari, 34 ta yirik elektr akkumulyatorlarini keltirmoqchimiz. Bu barqaror elektr energiya bilan ta’minlashga yordam beradi. Har bir tumanga tarqatamiz. Albatta, qiyinchiliklar bor. Lekin sabr bilan, muammolarning yechimini izlab topib, bu sinovlarni yengib o‘tishimiz kerak”, – dedi davlat rahbari yig‘ilganlarga qarata.

Mavzuga oid