Jahon | 22:29 / 16.12.2022
25718
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bosh qo‘mondoni Rossiya Kiyevga yana hujum qilishi mumkinligini aytdi

Valeriy Zalujniy urushning keyingi bosqichi haqida gapirdi. 

Ukrainian Presidential Press Off/Keystone Press Agency/Global Look Press

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya yana bir bor Kiyevga yetib kelishga urinib ko‘rishi mumkinligini aytdi.

«Rossiyaliklarning safarbarligi ish berdi. Ularning muammolari juda yomonligi va bu odamlar jang qilmasligi haqidagi gaplar to‘g‘ri emas. Ular urushadi. Shoh ularga jang qilishni buyurdi va ular jangga kiradi. Bizning baholarimizga ko‘ra, ularning zaxirasida 1,2–1,5 million kishi bor… [Hozir] rossiyaliklar 200 mingga yaqin yangi askarlarni tayyorlamoqda. Men ular Kiyevga yetib kelish uchun yana bir bor urinib ko‘rishiga shubha qilmayman», — degan Zalujniy The Economist uchun bergan intervyusida.

Ukrainaliklar bosh qo‘mondoni fikricha, urushning keyingi bosqichi keyingi yilda boshlanadi va nisbatan faol harbiy harakatlar bilan kechadi. «Eng yaxshi holatda martda [boshlanadi] eng yomon holatda esa — yanvar oyi oxirida», — degan u.

Zalujniy shuningdek Ukraina qurolli kuchlarida hozirda uchta asosiy vazifa borligini aytgan: hozirgi chegaralarni saqlab qolish, urushning keyingi bosqichi uchun zaxiralarni to‘plash va armiyani havo hujumidan mudofaa tizimi va raketa zarbalariga qarshi tizimlar bilan ta’minlash, xususan, Ukraina fuqarolik infratuzilmalarini himoya qilish.

«Menimcha, biz nozik chiziqda ketyapmiz. Agar [energiya tizimi] vayron qilinsa… u holda askarlarning rafiqalari va bolalari muzlay boshlaydi. Va bu holatda jangchilarning kayfiyati qanday bo‘ladi, tasavvur qilyapsizmi? Suvsiz, toksiz va issiqsiz harbiy harakatlarni davom ettirish uchun zaxiralar tayyorlash haqida gap bo‘lishi mumkinmi?» — degan bosh qo‘mondon.

Shu bilan birga, Zalujniyning Ukraina Rossiya urush boshidan beri bosib olgan hududlarni qaytarib olishiga ishonchi komil. Buning uchun, bosh qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qo‘shimcha 300 tank, 600-700 ta piyodalarning jangovar mashinalari hamda 500 ta gaubitsa kerak bo‘ladi.

  • Yoz oxirida — kuz boshlarida Ukraina qarshi hujumga o‘tgan, natijada katta hududlarni, jumladan Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon egallagan yagona oblast markazi bo‘lib turgan Xersonni ozod etgandi. Noyabr oyi oxirida frontda barqarorlik yuzaga keldi, buning sabablaridan biri kuzgi loygarchilik bo‘ldi.
  • Dekabr oyida butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab turli intensivlikdagi janglar davom etayotganiga qaramay, ekspertlar mojaro tomonlaridan birining sezilarli yutuqlarga erishishini kutmayapti. AQSh Milliy razvedkasi rahbari Avril Heynsning so‘zlariga ko‘ra, faol harbiy harakatlar bahorga borib tiklanadi, Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish ekspertlarining esa bu qishdayoq ro‘y berishiga ishonchi komil.

Mavzuga oid