Ilonli oroldagi mushuklar va yakson bo‘lgan rus texnikalari. Urush suratlari
Ukrainada urushning 299-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- 19 dekabrga o‘tar kechasi Kiyevga Rossiya qo‘shini tomonidan uchirilgan kamikadze dronlari hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi 35 ta drondan 30 tasi urib tushirilganini xabar qildi;
- Belgorod oblastida otishmalar oqibatida 14 mingga yaqin kishi toksiz qoldi. Gubernator Vyacheslav Gladkov hujumlarda ukrain harbiylarini aybladi. Kursk oblasti rahbari Roman Starovoyt ham regionga ikki bor zarba berilganini xabar qilgan;
- Sevastopolda sud mahalliy aholi vakili Yevgeniy Petrushinni Ukrainaga Qora dengiz floti kemalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish ishi doirasida davlatga xiyonatda ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi;
- Sankt-Peterburgda 17 yoshli maktab o‘quvchisi qo‘lga olindi, u Peterburg va Mariupol shaharlari «birodar shaharlar»ga aylanishi sharafiga barpo etilgan installyatsiyaga «Qotillar, siz uni bombardimon qildingiz. Iuda» deb yozib qo‘ygan. Ushbu qizga nisbatan Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» bo‘yicha ma’muriy ish ochilgan;
- Putin va Lukashenko Minskda uchrashib, iqtisodiy va harbiy hamkorlikni muhokama qildi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Belarusga «Iskander» va C-400 raketa komplekslarini taqdim etadi;
- «Yedinaya Rossiya» xorijga ketgan rossiyaliklarning ayrimlariga masofadan ishlashni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Quyida 19 dekabr kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.
Ilonli oroli: urush davridagi ilk kadrlar
Ilonli (Zmeiniy) oroli Qora dengizda, Dunayning dengizga quyilish joyida, Ruminiya sohillaridan 45 kilometr masofada joylashgan — Rossiya qo‘shinlari uchun orol muhim strategik ahamiyatga ega edi. Ukraina urushning ilk kunlaridayoq orol ustidan nazoratni boy bergandi. 28 fevral kuni Ukraina armiyasi orolda bo‘lib turgan 13 nafar ukrain chegarachisi rossiyaliklarga asir tushganini tan oldi (kuzda harbiy asirlar almashinuvi doirasida ularning bir qismi Ukrainaga qaytarildi). Faqat 30 iyun kuniga kelib Ukraina RF qo‘shinlarining oroldagi pozitsiyalariga zarbalar berishga muvaffaq bo‘ladi. Rossiya mudofaa vazirligi o‘z qismlari oroldan chekinganini e’lon qiladi va buni «ezgu niyatdagi qadam» deb ataydi. Ukraina qurolli kuchlari esa, rossiyaliklar orolni katta yo‘qotishlarga uchrayotgani tufayli tark etganini ma’lum qiladi. Quyidagi fotosuratlar — Ilonli orolda urush davrida olingan ilk suratlardir.
Ukrainada dushanbaga o‘tar kechasi berilgan zarbalar oqibatlari
Dushanbaga o‘tar kechasi Kiyev shahri va Kiyev oblastiga Eronning rossiyalik harbiylar tomonidan uchirilgan Shahed rusumli kamikadze dronlari hujum qildi. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko bir necha portlashlar va muhim infratuzilma obektlariga zarbalar kelib tushgani haqida xabar bergan. Kiyev oblastida uch kishi jabrlangan, yetti rayondan uchtasida elektr o‘chirilgan. Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar 35 dron uchirgan, shundan 30 tasi urib tushirilgan. Volodimir Zelenskiy bular Rossiya Erondan qabul qilib olgan yangi partiyadagi dronlar bo‘lganini ma’lum qildi.
Xersondagi kundalik hayot
Xerson Ukraina nazoratiga qaytganiga bir oydan oshdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, shahar avvalgi hayot tarziga qaytmoqda: aholining 80 foizi ichimlik suvi, 75 foizi — issiqlik, 90 foizi — elektr bilan ta’minlangan. Ammo Rossiya qo‘shini shaharni muntazam raivshda o‘qqa tutishda davom etmoqda.
Mavzuga oid
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024