Jahon | 18:30 / 22.12.2022
5321
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston 2024 yildan hashamat solig‘ini joriy qiladi

Hashamat solig‘i qimmatbaho mashinalar, antikvar buyumlar, ko‘chmas mulk va boshqalarga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

Foto: AP

Qozog‘iston parlamenti Senati yig‘ilishida milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Quantirov Qozog‘istonda hashamat solig‘ini joriy etish masalasiga to‘xtaldi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilning birinchi choragida tegishli davlat idoralari hashamat solig‘i bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan yangi Soliq kodeksini yaratish ustida faol ishlashni rejalashtirmoqda.

«Keyingi yil biz yangi Soliq kodeksi ustida faol ishlamoqchimiz. Kuzga qadar parlamentga taqdim etamiz. Hozircha, biz oldindan taxmin qilmoqdamizki, hashamat solig‘i joriy etiladi. 2024 yildan boshlab butunlay yangi Soliq kodeksi kuchga kiradi», dedi Alibek Quantirov.

Vazir hashamat solig‘i qanday bo‘ladi, uni kimlar to‘laydi degan savolga ham javob berdi.

«Biz turli xil variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Birinchi variant ko‘chmas mulk obektlari soni bo‘yicha. Ya’ni ma’lum miqdordan oshib ketganligi uchun. Agar bir jismoniy shaxsning ko‘chmas mulk obektlari ko‘p bo‘lsa, u holda ko‘chmas mulk obektlariga qo‘shimcha soliq solish mumkin bo‘ladi. Yoki bu ularning narxiga bog‘liq bo‘ladi. Albatta, bu, asosan, ushbu soliqni to‘lashga qodir bo‘lgan badavlat odamlarga ta’sir qiladi. Shunga ko‘ra, bu ularga zarar keltirmaydi. Hashamat solig‘i, qoida tariqasida, qimmatbaho mashinalar, boshqa hashamatli narsalar, ehtimol antikvar buyumlar va boshqalarga nisbatan qo‘llanishi mumkin», deb tushuntirdi vazir.

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev soliq islohoti doirasida o‘rta sinfga ta’sir qilmaydigan hashamat solig‘ini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarurligini aytgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid