Jahon | 23:31 / 29.12.2022
44703
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab raketa zarbalarining yangi seriyasi: asosiy ma’lumotlar

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qilishicha, mamlakat hududiga kirgan 69 ta raketadan 54 tasi urib tushirilgan. Xuddi shu vaqtda Ukraina ham Rossiyaning Engels shahridagi aerodromiga bir oy ichida uchinchi bor hujum qilgan.

Foto: Getty Images

29 dekabr kuni tongda Rossiya armiyasi yana bir bor Ukraina hududlarini yoppasiga o‘qqa tutdi. Mamlakatning butun hududi bo‘ylab havo trevogasi yangragan. Hujum arafasida Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich barcha bir necha to‘lqinda 100 ga yaqin raketa uchib kelishiga tayyorlanayotganini aytgandi. Keyinroq uning hamkasbi Mixaylo Podolyak Ukraina hududiga 120 raketa hujum qilganini aytib chiqdi. Otishmalar yakunlangach esa Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi raketalar soni 69 ta bo‘lganini ma’lum qildi. Mikolayiv oblasti rahbari Vitaliy Kimning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hududiga raketalardan tashqari Eron dronlari ham hujum qilgan. Ukraina hududi bundan avval oxirgi bor 16 dekabr kuni yoppasiga o‘qqa tutilgandi.

Kiyev, Lviv, Xarkiv, Odessa va Ivano-Frankovsk oblastlarida vayrongarchiliklar kuzatilgan. Kiyev ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgan raketa parchalari qulashi oqibatida ikkita xususiy bino hamda ularning yonidagi avtomobil shikastlangan, uch kishi jarohatlangan (ular orasida 14 yoshli qiz ham bor). Shuningdek sanoat korxonasi va bolalar maydonchasi shikastlangan.

Lviv meri Andrey Sadovoyning ma’lum qilishicha, hujumlardan keyin shaharning 90 foiz qismi toksiz qolgan, ichimlik suvi ta’minotida ham uzilishlar kuzatilishi mumkin. Xarkiv va Odessa oblastlarida kritik infratuzilma obektlariga zarbalar kelib tushgan. Shuningdek, Odessa va Ivano-Frankovsk oblastlarida, Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, raketa qoldiqlari turar joy binolari ustiga tushgan, talafot ko‘lami aniqlashtirilmoqda.

Kiyevda 29 dekabr kungi hujumlar vaqtida raketa kelib tushgan turar joy binosi
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina harbiylari hisob berishicha, uchirilgan 69 raketadan 54 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan. Kiyev shahri meri va shahar ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, shahar tomon uchirilgan 16 ta raketaning barchasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali tutib qolingan. Shunga qaramay, otishmalardan keyin iste’molchilarning 40 foizi elektr ta’minotisiz qolgan. «Bu havo trevogalari chog‘ida energetiklar tomonidan qabul qilingan xavfsizlik choralari», — deya izoh bergan Kiyev rahbari Vitaliy Klichko.

Ukrainaning boshqa regionlarida ham havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan. Xususan, Mikolayiv oblastida beshta raketa, Odessa ustida — 21 ta raketa urib tushirilgan, ammo ushbu oblastda energetika infratuzilmalariga zarba kelib tushishi oqibatida elektr energiyasini favqulodda o‘chirish choralari ko‘rilgan. Ukraina temiryo‘llari xabar qilishicha, xuddi shu sabab tufayli bir qancha oblastlarda poyezdlar qatnovi kechiktirilgan. Bir qancha oblastlarda yo‘qotishlarni minimallashtirish maqsadida oldindan elektr energiyasini o‘chirish ishlari amalga oshirilgan.

Shu kuni Rossiyaning ham bir qancha hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushdi. Xususan, mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, Bryansk oblastining Klinsovsk rayonida, shuningdek Belgorod shahri va Belgorod rayonlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan. Ikki hududda ham jabrlanuvchilar va jiddiy shikastlanishlar yo‘q.

Belarus TIV mamlakat hududiga ukrainlar raketasi qulashi munosabati bilan Ukraina elchisini chaqirtirib, unga protest bildirdi. Belarus davlat axborot agentligi BeLTA xabariga ko‘ra, mamlakat hududiga soat «10:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida» ukrainlarning S-300 zenit-raketa kompleksidan uchirilgan raketa kelib tushgan. Belarus mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Brest oblastining Ivanovo qishlog‘ida ro‘y bergan. «Hodisaning ikki asosiy ehtimoliy sababi ko‘rib chiqilmoqda - yoki Polshada bo‘lgani kabi «boshqa tomonga o‘tib ketgan raketa kelib tushishi» yoki ukrainlar uchirgan raketa Belarus havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilishi», deya yozadi agentlik.

Brest oblasti harbiy komissari esa «vaziyat Polshada ro‘y bergan voqea takrori» ekanini aytgan. «Belaruskі Gayun» monitoring guruhi qulagan raketa suratini e’lon qilib, Belarus hududiga S-300 zenit-raketa kompleksidan uchirilgan raketa qoldiqlari tushganini taxmin qilgandi.

Oktyabrdan buyon davom etayotgan zarbalar

Rossiya 10 oktyabrdan buyon Ukraina energetika infratuzilma obektlariga yoppasiga zarbalar berib kelmoqda. Ukraina hukumati har safar bir necha o‘ntadan yuztagacha raketalar uchirilgani haqida ma’lum qiladi.

Ukraina bo‘ylab so‘nggi yopirilma zarbalar 16 dekabr kuni kuzatilgandi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘shanda qariyb 100 raketa uchib kelganini ma’lum qilgandi. «Dushman jami 98 raketa uchirdi va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan 65 dan ortiq o‘q uzdi», deyilgandi bayonotda.

Ukraina bo‘ylab zarbalar quruqlikdagi vositalardan tashqari, uzoq masofaga harakatlanuvchi aviatsiya samolyotlaridan ham uchirilmoqda, ularning bir qismi Saratov oblastining Engels aerodromidan havoga ko‘tariladi. Dekabrda bu aviabazaga ikki bor hujum uyushtirildi - Rossiya mudofaa vazirligi hujumlar ukrain dronlari orqali amalga oshirilganini ma’lum qilgan. 26 dekabr kuni ro‘y bergan navbatdagi hujum oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgandi.

Payshanba kuni Engels shahri aholisi harbiy aerodrom hududida portlashlar ro‘y berganini xabar qildi.

Saratov gubernatori Roman Busargin Engels rayonida havo hujumidan mudofaa tizimi «noma’lum obektni yo‘q qilgani» to‘g‘risida xabar bergan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, dron parchalari qulashi oqibatida uylardan birining devori, avtomobil va garaj shikastlangan, jarohatlanganlar yo‘q.

Mavzuga oid