O‘zbekiston | 17:06 / 06.01.2023
51728
2 daqiqa o‘qiladi

«Quramax Medical»ning O‘zbekistonda sotuvi to‘xtatilgan dorilar ro‘yxati e’lon qilindi

Foto: KUN.UZ

«Dok-1 Maks» siropi bolalar o‘limiga sabab bo‘lgani ortidan ushbu dorini O‘zbekistonga olib kirgan «Quramax Medical»ning boshqa preparatlari sotuvi ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish va ehtiyot chorasi sifatida to‘xtatilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Chuqurlashtirilgan sifat nazorati natijalariga ko‘ra, «Dok-1 Maks» hamda «Ambronol» dori vositalarining ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

«Shuni inobatga olgan holda SSV aholi salomatligini muhofaza qilish va qolgan dorilarni ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish maqsadida ehtiyot chorasi sifatida «Quramax Medical» MChJ tomonidan 2022 yil yurtimiz hududiga olib kirilgan barcha preparatlar sotuvini to‘xtatdi», deyiladi xabarda.

Oldinroq sog‘liqni saqlash vaziri «Quramax Medical» kompaniyasining barcha dorilarini sotishni to‘xtatishga ko‘rsatma bergandi.

Eslatib o‘tamiz, «Dok-1 Maks» siropi bolalarga nojo‘ya ta’sir qilgani oqibatida O‘zbekiston bo‘ylab 19 nafar bola halok bo‘lgandi. O‘zbekiston hukumati Hindiston elchixonasiga bergan ma’lumotda esa «Dok-1 Maks» dori vositalari tarkibida etilenglikol moddasi tibbiy qoidalarda ko‘zda tutilgan normadan 300 barobar ko‘p ekani aniqlangani aytilgan

Mavzuga oid