O‘zbekiston | 13:45 / 15.01.2023
15092
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida savdo markazlari ish vaqti cheklandi

Oziq-ovqat do‘konlari hamda kafe va restoranlar odatiy rejimda ishlashda davom etadi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar savdo markazlari va istirohat bog‘lari soat 17:00 dan yopiladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Toshkent shahrida havo-haroratining keskin pasayshi davrida aholi xonadonlariga elektr va gaz ta’minotini uzluksiz yetkazish maqsadida, shahardagi oziq-ovqat do‘konlari va umumovqatlanish korxonalaridan tashqari barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar savdo markazlari va istirohat bog‘lari qisqartirilgan ish rejimiga o‘tkaziladi. 

Shu bois, barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar savdo markazlari va istirohat bog‘lari ish faoliyatini ertalab soat 10:00 dan 17:00 ga qadar amalga oshirishi lozim. 

Ish vaqtidan so‘ng, barcha elektr asboblari, isitish uskunalarini o‘chirgan holda elektr va gaz iste’molini to‘xtatish talab etiladi», deyilgan xabarda.

Bundan oldinroq Toshkent shahri hokimligi elektr tizimiga yuklamani pasaytirish hamda markazlashgan issiqlik tizimida haroratni ko‘tarish maqsadida, eng kamida, uch kun davomida ko‘p qavatli uylarning issiq suv ta’minotida haroratni vaqtincha pasaytirishga majbur bo‘lishini ma’lum qilgandi. 

Mavzuga oid