O‘zbekiston | 11:11 / 31.01.2023
75198
2 daqiqa o‘qiladi

Davletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha asosiy ayblanuvchi eng ko‘p muddatga qamoqqa hukm qilindi.

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar tashkilotchisi Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamaldi. U jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.

Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida 2022 yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda ayblangandi.

Sudda prokuror Tajimuratovga 18 yil berishni so‘ragandi.

«Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

O‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan 228 million so‘m zararni sudlangan Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo‘lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilangan.

Mavzuga oid