O‘zbekiston | 16:20 / 05.06.2024
18539
3 daqiqa o‘qiladi

19 yoshida 18 yillik qamoq – Qoraqalpog‘istonda bosqinchilik va qotillik qilgan yigitga hukm o‘qildi

Qorao‘zak tumanida yashovchi yigit o‘zi bilan bir ko‘chada istiqomat qiluvchi 56 yoshli ayolning uyiga kirib, uning 12 mln so‘m pulini o‘g‘irlagan. Shu payt uyg‘onib ketgan ayolni esa yog‘och bo‘lagi bilan urib o‘ldirgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 19 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. U firibgarlik, bosqinchilik va qotillik jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topilgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2005 yilda tug‘ilgan yigit biror bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilgan. U 2023 yilning 21 oktyabr kuni Nukus shahrida ijarada turadigan talaba tanishining uyiga borib, o‘sha yerda yashovchi yigitning noutbugini har kuni 80 ming so‘m berib turishiga ishontirgan holda olib ketgan. So‘ngra noutbukni 1,5 mln so‘mga sotib, pulini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Shuningdek, yigit 2023 yil 29 noyabr kuni soat 19:30larda Qorao‘zak tumanida o‘zi bilan bir ko‘chada yolg‘iz yashovchi, bozorda savdo qiluvchi 56 yoshli ayolning uyiga o‘g‘irlikka tushgan. Ya’ni ayol uxlab yotgan xonaga kirib, uning yonida turgan, ichida puli bo‘lgan sumkani o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Biroq kutilmaganda ayol uyg‘onib qolib, yigitga qarshilik ko‘rsata boshlagan. Shunda yigit o‘zi bilan olib kelgan yog‘och bo‘lagi bilan ayolning bosh qismidan bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan. So‘ngra ichida 12 mln 313 ming so‘m puli bo‘lgan sumkani olib chiqib ketgan.

Qotil jinoyat quroli hisoblangan yog‘och bo‘lagini uy yonidagi ariqqa tashlab, pulning taxminan 10 mln so‘mga yaqinini ham shu atrofdagi yer maydoniga yashirib ketgan. “Ovi” baroridan kelgan yigit to‘g‘ri tanishining oldiga borib, u bilan Nukus shahriga ketadi va kafelarga kirib, pulning bir qismini kayfu safoga sarflab yuboradi.

2024 yilning 8 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qorao‘zak tuman sudida yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud majlisida sudlanuvchi aslida ayolni o‘ldirish niyati bo‘lmaganligini aytib, o‘ziga yengillik berishni so‘ragan. Uning qilmishi rad qilib bo‘lmas dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud hukmi bilan yigit Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish), 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda bosqinchilik qilish) hamda 97-moddasi 2-qismi “i” bandida (tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Mavzuga oid