Soledardagi vagnerchilar va Lvivda dafn etilgan amerikalik. Urush suratlari
Ukrainada urushning 342-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Vladimir Putin chegara hududlarida terrorchilik xavfi darajasini joriy etish muddatlariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi – bu to‘liq harbiy holat deganidir. RF prezidenti farmoniga ko‘ra, xavflilikning «sariq» darajasi joriy etilgan regionlarda endilikda avtomobillarda portlovchi qurilmalar va qurollar bor-yo‘qligi tekshiriladi.
- RF mudofaa vazirligi Donetsk oblastining Blahodatnoye posyolkasi egallanganini ma’lum qildi. Bu hudud ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida avvalroq «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin ham xabar bergandi. Ukraina bu ma’lumotlarga munosabat bildirmagan.
- Rossiyada «qisman safarbarlik» vaqtida to‘qqiz mingdan ortiq kishi noqonuniy safarbar qilingani ma’lum bo‘ldi. Prokuratura ularni uyiga qaytaradi.
- Vladimir oblastidan safarbar qilingan shaxs harbiy qismni tashlab ketgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. U o‘z harakatini «uyini sog‘ingani» bilan izohlagan.
- Moskva sudida sobiq deputat, Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» ishi bo‘yicha ayblangan Aleksandr Nevzorov uchun 9 yil qamoq jazosi (sirtdan) so‘raldi. Nevzorov anchadan buyon Rossiyada emas, o‘tgan yili u Ukraina fuqaroligini olgandi.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari Soledarda
«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin Soledar «to‘lig‘icha uning yollanma jangchilari nazoratiga o‘tgani» haqida 11 yanvardayoq e’lon qilgandi. Ikki kun o‘tib RF mudofaa vazirligi shahar «Rossiya qo‘shinlarining turli guruhlari» tomonidan egallangani haqida xabar berdi, 16 yanvar kuni esa — «DXR» rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqladi. Ukraina o‘z harbiylari Soledardan chekinganini faqat 25 yanvarga kelib tan oldi.
Soledar Rossiya armiyasining so‘nggi oylardagi asosiy harbiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolayotgan Baxmut shahridan 10-15 kilometr masofada joylashgan. Ayrim ekspertlar fikricha, Soledarning olinishi RF qo‘shinlarining Baxmut yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini oshiradi.
Yarim yillik qamaldan keyingi Baxmut
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Baxmut atrofidagi pozitsiyalarga bu shaharni 2022 yil iyulidan buyon shturm qilayotgan «Vagner» yollanma jangchilari o‘rniga Rossiya muntazam armiyasi bo‘linmalarini joylashtirmoqda. ISW tahlilchilariga ko‘ra, bu shaharga yurish qilishning kulminatsiyasini ortga suradi, shu bilan birga, Ukraina qo‘mondonligi jiddiy yo‘qotishlarga uchramaslik uchun chekinishga qaror qilishi ham mumkin.
Baxmut mudofaasidagi ukrain harbiylari «Nastoyashchego vremeni» muxbiriga Rossiya qo‘shinlari ushbu shahardagi Ukraina harbiylari ta’minotida foydalaniladigan ikkita asosiy trassani o‘qqa tutish uchun yetarli masofada yaqinlashgan — bular Slovyansk va Konstantinovkadan keluvchi yo‘llardir. Ukraina qurolli kuchlari jangchilari ko‘cha janglariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bundan tashqari, Baxmut shahri harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Revaning xabar qilishicha, qamaldagi Baxmutda 6,5 ming atrofida tinch aholi vakillari qolmoqda (urushga qadar bu shaharda 70 mingdan ortiq kishi yashagan). Qolgan aholi zudlik bilan evakuatsiya bo‘lishga chaqirilmoqda.
Baxmutdan evakuatsiya
Ukraina armiyasining Baxmut yaqinidagi frontorti pozitsiyasi
Xerson oblastining ozod etilgan qishloqlari
Volodimir Zelenskiy Mikolayivdagi hospitalda
Kiyevda tokdan uzilgan hayvonot bog‘i
Frontda halok bo‘lgan amerikalik ko‘ngillining dafn marosimi