Jahon | 12:37 / 02.02.2023
8091
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada Venadagi terakt ishi bo‘yicha hukm chiqarildi

2020 yilda "Bermud uchburchagi" mavzesida o‘t ochgan shaxsning ikki sherigi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Teraktda ishtirok etgan yana to‘rt kishi - 2 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: AP

2020 yil noyabrida Vena markazida o‘t ochgan shaxsning ikki sherigi 2 fevral, payshanbaga o‘tar kechasi Avstriya poytaxti sudi tomonidan qotillikda ishtirok etish bilan bog‘liq terrorchilik harakatlarida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Yana to‘rt nafar ayblanuvchi ikki yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

2020 yil 2 noyabr kuni Avstriya pasportiga ega Shimoliy Makedoniya Respublikasida tug‘ilgan 20 yoshli Kuytim Feyzulay Vena shahrining gavjum "Bermud uchburchagi" (Bermudadreieck) mavzesida, markaziy sinagoga va Vena opera teatri yaqinida o‘t ochdi. Avstriya rasmiylari terakt deb tan olgan ushbu otishma natijasida 4 kishi halok bo‘ldi: ikki erkak va ikki ayol. Yana 23 kishi jarohatlangan.

Politsiya Feyzulayni voqea joyida otib tashladi. Hodisa uchun javobgarlikni IShID guruhi o‘z zimmasiga oldi.

O‘sha fojiali voqealardan so‘ng Avstriya hukumati bo‘lajak terrorchini kuzatmagani uchun qattiq tanqid qilindi: Feyzulay 2018 yilda Suriyada IShID jangarilariga qo‘shilishga uringani uchun qamoq jazosiga hukm qilingani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, maxsus xizmatlar u qamoqdan chiqqanidan so‘ng Avstriyaga qo‘shni davlatlardagi shaxslar bilan bog‘lanib, qurol sotib olishga uringani haqida ma’lumotga ega bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid