«Narsalarni taxlab ulgurmayapmiz» – Samarqandda Turkiyaga yuborish uchun yordam yig‘ilmoqda
Samarqand shahrida turk xalqiga gumanitar yordam jo‘natish uchun ko‘ngillilar tashabbus ko‘rsatdi. So‘g‘diyona massivida joylashgan Yangiobod masjidi avtoturargohiga maxsus konteyner joylashtirildi.
Gumanitar yordam tashabbuskorlaridan biri Xayrulla Mamasoliyev ayni vaqtda o‘n nafar volontyor ushbu xayrli ishga bosh qo‘shganini aytmoqda. Aholidan mahsulot qabul qilish 9 fevral kuni, soat 09:00 dan boshlangan. Bir necha soat ichida ko‘plab insonlar o‘z hissasini qo‘shib ulgurgan. Yordam qilish istagida bo‘lgan insonlar oqimi to‘xtamayapti. «Narsalarni taxlab ulgurmayapmiz», deydi tashkilotchilar.
«Ko‘ngilli do‘stlarimiz bilan bu kabi loyihalarni avval ham qilganmiz. Xususan, Sardoba fojiasi oqibatida jabr ko‘rgan aholiga ham yordam uyushtirib bergandik. Biroq O‘zbekistondan tashqariga bu turdagi gumanitar yordam yubormagandik. Kelayotgan mahsulotlarni turiga qarab maxsus qutilarga joylab, zararlanmasligi uchun skotchlayapmiz.
Konteyner to‘lgach, mahsulotlarni maxsus yuk mashinasi yordamida Turkiyaga jo‘natishni rejalashtirib turibmiz. Turk xalqi bilan ko‘p asrlik do‘stmiz, ildizimiz bir. Buni chuqur his qilgan xalqimiz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayapti, safimizga qo‘shilib volontyorlik qilish istagini bildirayotganlar ham ko‘paymoqda», deydi Sanjar Abdurahmonov.
Yordam markaziga Turkiyaning Samarqanddagi vakolatxonasi bosh konsuli Solih Janer ham kelib, ushbu tashabbus uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Gumanitar yordam qabul qilish har kuni 09:00 dan 18:00 ga qadar davom etadi. Yordam yuklari Samarqand shahri, So‘g‘diyona massividagi Yangiobod masjidi avtoturargohida tashkil qilingan markazda qabul qilinmoqda.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024