Jahon | 19:54 / 20.02.2023
41833
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Rossiyani Baydenning Kiyevga tashrifi to‘g‘risida ogohlantirgan

AQSh ma’muriyati kutilmagan tashrif arafasida ikki yadroviy davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaro kelib chiqishining oldini olish uchun Rossiya bilan aloqaga chiqqan.

Foto: The White House

AQSh prezidenti Jo Baydenning Kiyevga tashrifi arafasida Amerika hukumati «ikki yadroviy davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xatolikning oldini olish» uchun Rossiya tomoni bilan bog‘langan. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Nashrning Oq uydagi muxbiri Zik Millerning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyatidagilar «ruslar bilan tegishli muloqot o‘tkazilgani»ni xabar qilgan. U boshqa tafsilotlarni keltirmagan.

AP ma’lumotiga ko‘ra, Bayden Kiyevda bo‘lib turganida shahar ustidagi havo kengligi Polsha hududida turgan Amerika razvedkachi samolyotlari tomonidan kuzatib turilgan.

AP va CNN Baydenning Ukrainaga tashrifining boshqa tafsilotlarini ham keltirdi. Unga ko‘ra, AQSh prezidenti 19 fevral kuni ertalabki soat 4 dan o‘tganda Vashington yaqinidagi Endryus aviabazasidan uchgan. U Ukrainaga yo‘l olishidan oldin Germaniyadagi Ramshteyn aviabazasida to‘xtagan. Bayden Kiyevga 20 fevral kuni ertalab soat 8 atrofida kelgan va Ukraina poytaxtida besh soatdan ortiqroq vaqt o‘tkazgan.

AP va CNN xabariga ko‘ra, Baydenning Kiyevga borish rejasidan Oq uyning tor doiradagi xodimlarigina xabardor bo‘lishgan. U bilan birga milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan, Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari Jyen OʼMelli Dillon, shaxsiy yordamchi Enni Tomasini va ikki jurnalist uchishgan, ularga samolyot bortiga yozib oluvchi moslamalarini olib chiqish taqiqlangan.

Kiyevda Jo Bayden ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. AQSh prezidenti Ukrainaga 500 million dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosqin avvalida «Ukrainani zaif, G‘arbni esa bo‘lingan» deb o‘ylab, «qattiq xato qilgani»ni aytib o‘tdi.

Zelenskiy Bayden bilan muzokaralarni «samarali» va «juda muhim» deb atadi. «Bu tashrif natijalari albatta ko‘zga tashlanadi, bu tashrif hududlarimizni ozod qilishda jang maydonidagi vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazishi shubhasiz», — dedi ukrainlar prezidenti.

Baydenning tashrifi AQSh prezidenti so‘nggi 15 yil ichida ilk bor ushbu mamlakatga kelishi bo‘ldi. Kiyevga 2008 yilda kichik Jorj Bush kelgandi. Shu bilan birga, Baydenning o‘zi muqaddam Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident ekanida Kiyevga olti bor kelgan.

2022 yil dekabrida Volodimir Zelenskiy keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon ilk xorijiy safarini AQShga amalga oshirgandi. Vashingtonda Zelenskiy Bayden bilan uchrashgan va Kongress qarshisida chiqish qilgandi.

Mavzuga oid