Jahon | 09:15 / 24.02.2023
6642
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT yig‘ilishida Rossiya delegatlari keskin tanqidga uchradi

YeXHT Parlament assambleyasi rahbari Margareta Sederfelt rossiyalik parlamentariylarni jinoiy tajovuzga sheriklikda aybladi. Rossiya vakilining nutqi davomida ko‘plab delegatlar zalni tark etishdi.

Foto: AP

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida rossiyalik deputatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi roli uchun keskin tanqid qilindi

23 fevral, payshanba kuni YeXHT Parlament assambleyasi raisi Margareta Sederfelt: «Ba’zi parlamentariylar jinoiy tajovuzning sheriklaridir» deb ma’lum qildi. U, shuningdek, rossiyalik hamkasblarini fuqarolik huquqlari, ommaviy axborot vositalari erkinligi va adolatli saylovlarga putur yetkazayotganlikda tanqid qildi.

YeXHTning joriy konferensiyasi Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishining bir yilligiga to‘g‘ri keldi. O‘nlab davlatlar Rossiya delegatlariga kirish vizasi bermaslikni talab qilishlariga qaramay, Avstriya Moskvadan to‘qqiz delegatga kirishga ruxsat berdi. Ulardan olti nafari Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida.

Rossiya vakillarining ishtirok etishiga norozilik belgisi sifatida ukrainalik parlamentariylar YeXHT konferensiyasida ishtirok etishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, ular ikki tomonlama muzokaralarda rossiyaliklarning YeXHT Parlament assambleyasi ishidagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yish maqsadida Venaga kelishgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid