Jahon | 11:13 / 28.02.2023
9348
2 daqiqa o‘qiladi

Apple Rossiyada deyarli bir milliard rubl miqdorida jarima to‘ladi

Amerika kompaniyasi "Laboratoriya Kasperskogo" bilan bog‘liq monopoliyaga qarshi ish bo‘yicha 906 million rubl jarima to‘ladi.

Foto: AP

Amerikaning Apple kompaniyasi "Laboratoriya Kasperskogo" bilan monopoliyaga qarshi qonunlar buzilishi yuzasidan ishda Rossiya budjetiga 906 million rubl miqdorida jarima to‘ladi. Bu haqda Federal monopoliyaga qarshi xizmat (FAS) matbuot xizmati 27 fevral, dushanba kuni xabar berdi.

"Kompaniya xizmat qarori va buyrug‘i, shuningdek, jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qildi. Biroq 2022 va 2023 yillarda uchta instansiya sudlari FAS pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi, shundan so‘ng kompaniya buyruqni bajardi", deb xabar qildi Rossiya regulyatori.

2020 yilda Federal monopoliyaga qarshi xizmat Apple'ni ilovalar bozoridagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilishda aybdor deb topdi, chunki ilovani faqat App Store'dan Apple mobil qurilmalariga qonuniy ravishda o‘rnatish mumkin. O‘shanda "Laboratoriya Kasperskogo" Federal monopoliyaga qarshi xizmatga murojaat qilgan, unda Apple kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan ota-onalar nazorati dasturini bloklaganini da’vo qilgan - go‘yoki o‘zining shunga o‘xshash ilovasini chiqarishni rejalashtirgani uchun.

2021 yilda FAS Apple'ga qarshi yana bir ish qo‘zg‘atdi. Unga ko‘ra, kompaniya rossiyalik ishlab chiquvchilarga App Store ilovalari xaridorlarini muqobil to‘lov usullari haqida xabardor qilishni taqiqlagan va rossiyalik ishlab chiquvchilarni Apple'ning to‘lov xizmatlaridan foydalanishga majbur qilgan. Ushbu ish doirasida, 2023 yil yanvarida FAS Apple'ni 1,2 milliard rubl miqdorida jarimaga tortdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid