O‘zbekiston | 17:52 / 02.03.2023
17423
4 daqiqa o‘qiladi

Blinken: “Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan Markaziy Osiyo aholisi katta jabr ko‘rdi”

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentga safari vaqtida Kun.uz'ga intervyu berdi. U RFning Ukrainaga tajovuzi oqibatlaridan Markaziy Osiyo aholisi aksariyat boshqalarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rganini aytdi. “Suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik prinsiplarini himoya qilish muhimligini, biz shuning uchun ham Rossiyaga sanksiyalar kiritayotganimizni markaziy osiyoliklar juda yaxshi tushunadi, deb o‘ylayman”, – dedi u.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 1 mart kuni Toshkentga safari davomida Kun.uz'ga eksklyuziv intervyu berdi. U intervyu davomida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan Markaziy Osiyo aholisi ham jiddiy jabr ko‘rayotgani, chunki Rossiya energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlarini qurol qilib ishlatayotganini ta’kidladi.

“Birinchidan, Rossiyaning Ukrainaga hujumi oqibatlaridan Markaziy Osiyo davlatlari va mintaqa aholisi aksariyat boshqalarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rdi. Bu eng avvalo prezident Putin energiya va oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkorligiga qarshi chiqqan mamlakatlarga qarshi qurol qilib ishlatganida ko‘rinadi. Bu hamma joyda, jumladan ayrim davlatlarning energetik jihatdan boy bo‘lishiga qaramay, Markaziy Osiyoda ham narx-navoning oshishiga olib keldi. Biz narxlarni pasaytirish va odamlar bundan zarar ko‘rmasliklari uchun jahon bozorlarida yetarlicha energiya sotilishi yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirdik.

Ikkinchidan, oziq-ovqat masalasi. Putin uni ham qurol sifatida ishlatdi. Ukraina – dunyoga don yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlardan biri. Ular Odessa portini qo‘lga olib, u yerdan don eksportini to‘xtatib qo‘yishdi. BMT va Turkiyaning don yo‘lagini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida g‘alla eksporti qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘z navbatida hamma uchun narxlarni pasaytirdi”, – dedi Blinken.

AQShning bosh diplomati Rossiyaga nisbatan kiritilayotgan sanksiyalardan maqsad – suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik prinsiplarini himoya qilish ekanini qayd etdi.

“Dunyo bo‘ylab o‘nlab davlatlar ko‘rsatgan agressiyasi sabab Rossiyaga sanksiyalar joriy etyapti. Biz shunchaki kunlarning birida “o, Rossiyaga sanksiyalar kiritsak qanday yaxshi bo‘lardi-a?” degan yo‘sinda bu qarorga kelganimiz yo‘q. Gap shundaki, ular boshqa bir davlatga bostirib kirib, uning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetiga xavf solishdi. Dunyo davlatlarining bunga qarshi turishi muhim edi. O‘ylaymanki, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik prinsiplarini himoya qilish qanchalik muhim ekanini, biz shuning uchun ham sanksiyalar kiritayotganimizni Markaziy Osiyo xalqlari ham juda yaxshi tushunadi. Agressiyasi uchun sanksiyalar vositasida tovon to‘layotgan Rossiya agressiyani to‘xtatishi, o‘z fikrini o‘zgartirishi va o‘zi boshlagan urushni tugatishidan umid qilyapmiz.

Qolaversa, Rossiya bilan endilikda sanksiyalar bilan taqiqlangan yo‘nalishlardagi biznes aloqalariga ega kompaniyalar yoki mamlakatlar uchun ikkinchi yoki uchinchi darajali oqibatlar borligi ham haqiqat. Bu borada biz qator mamlakatlar, xususan Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqindan ish olib boryapmiz, ularga nima talab etilishi va nima talab etilmasligini tushunishlariga yordam beryapmiz. Siz aytganingizdek, ayrim holatlarda uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan biznes aloqalarini to‘xtatish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biz bunday kompaniyalarga vaqt beryapmiz. Qolaversa, sanksiyalarga qaramay, biznesni davom ettirishi uchun litsenziyalar berishimiz mumkin bo‘lgan ayrim holatlar ham bor”, – dedi AQSh Davlat departamenti rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Entoni Blinken 28 fevral kuni Ostonada Markaziy Osiyo – AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining C5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. 1 mart kuni Toshkentga tashrif buyurib, tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.

Mavzuga oid