Jamiyat | 16:33 / 15.03.2023
55276
7 daqiqa o‘qiladi

Bir jinoyat tarixi: o‘zinikining o‘zagini uzgan qotil

2008 yil Navoiy shahrida sodir etilgan jinoyat shov-shuvlarga sabab bo‘ladi: shaharning boy xonadonlaridan biriga yarim tunda bosqinchilik uyushtirilgan hamda xonadon egasining ukasi o‘ldirib ketilgandi. Jinoyatchilarning hadeganda topilavermagani hamda bosqinchilar kutilmaganda ularning ham uyida paydo bo‘lib qolishi mumkinligi odamlarning yuragiga qo‘rquv sola boshlaydi. Jinoiy to‘daning boshida kim turgani aniq bo‘lganida esa ko‘pchilik hayratdan yoqa ushlab qoladi. 

Foto: KUN.UZ

Tundagi bosqinchilik

2008 yilning 6 sentabridan 7 sentabriga o‘tar kechasi. Navoiy shahar IIB navbatchilik qismiga shaharning Vishnovaya ko‘chasida yashovchi Hamza Egamberdiyev (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan – tahririyat) xonadonida bosqinchilik sodir qilingani haqida xabar kelib tushadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishadi.

Ma’lum bo‘lishicha, yuziga qora niqob taqib olgan 4 nafar bosqinchi xonadonga bostirib kirgan. Ular avvaliga xonadon egasining ukasi Qodir Egamberdiyevni o‘ldirishgan. Keyin Hamza Egamberdiyev yotgan xonaga kirib, o‘ldirish bilan qo‘rqitgan holda undan pul talab qilishgan. Ammo xonadon egasi amallab ularning changalidan tashqariga qochib chiqadi va qo‘ni-qo‘shnilarni yordamga chaqira boshlaydi. Rejasi amalga oshmagan jinoiy guruh voqeadan joyidan yashirinishga majbur bo‘ladi.

Kalavaning uchi qayerda?

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oldida bosqinchilarni tezkor topish va jinoyatni izi sovimasdan fosh qilishdek mas’uliyatli vazifa turardi. Ammo bu ish oson emasdi. Sababi, jinoyatchilar o‘zidan deyarli iz qoldirmagan, “toza ishlashgandi”. Bunday vaziyatda qilni qirq yoradigan tajribali xodimlar ham kalava uchini yo‘qotib qo‘yishi hech gap emas.

Qotillik va bosqinchilik jinoyatlarining alomatlari yaqqol ko‘rinib turganligi bois holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi hamda tergov harakatlariga kirishiladi. Shaharga kirish-chiqish yo‘llari qattiq nazoratga olinadi, sudlanganlar, jinoyatga moyil shaxslar birma-bir so‘roq qilina boshlanadi. Navoiy shahar prokuraturasida maxsus guruh tuzilib, har kuni qidiruv natijalari tahlil qilinardi. Biroq jinoyat izlaridan darak yo‘q, tergov tobora chigallashib borardi.

Hamza Egamberdiyev o‘sha paytlarda shaharning eng oldi tadbirkorlaridan biri edi. Shu sababli, sodir etilgan jinoyat xabari yashin tezligida shaharga tarqalgan, bosqinchilarning qilmishi hammani sarosimaga solib qo‘ygandi. Bosqinchilar kutilmaganda ularning ham uyida paydo bo‘lib qolishi mumkinligi odamlarda qo‘rquv uyg‘ota boshlaydi. 

“Jabrlanuvchi” qotil

Organ xodimlari oldida jinoyatni fosh qilish bo‘yicha uchta taxmin bor edi: jinoyat jabrlanuvchi ishlayotgan firma xodimlari, oilaning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshi bilgan yaqin qarindoshlari yoki muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Ana shu uchta taxmin bo‘yicha jami 48 ta guruh tashkil etilib, chora-tadbirlar belgilab olinadi.  

Mazkur jinoyat ishi doirasida 3 ming nafarga yaqin shaxs bilan suhbatlar o‘tkazilib, surishtiruv ishlari olib borilgan. Nihoyat 40 kun deganda kalavaning uchi topiladi.      

Jinoyatni fosh qilishning 40 kun cho‘zilgani bejizga emasdi. Sababi, qotil o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatib, tergovni chalg‘itib yurgandi. Bu tadbirkorning ham jiyani, ham kuyovi (singlisining turmush o‘rtog‘i) bo‘lgan Ixtiyor O‘tbosarov edi. 

Qotillikka yetaklagan firibgarlik

Tergovda aniqlanishicha, Ixtiyor O‘tbosarov 2007 yilning dekabr oyida kattaqo‘rg‘onlik bir ayolni aldab, ikki oy muddatga qaytarib berish sharti bilan undan 7 mln so‘m qarz oladi hamda o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Shu tariqa uning firibgarlik yo‘li bilan pul topishga qiziqishi kundan kunga ortib borgan. 2008 yilning mart oyida yana uch nafar kattaqo‘rg‘onlik fuqaroning jami 23,5 mln so‘m hamda 700 AQSh dollari pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, juftakni rostlab qoladi. U odamlarning 170 mln so‘mga yaqin pullarini qo‘lga kiritib, yo‘q qilib yuborgan. 

Ammo buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlaridek qarz berganlar uni topib, pullarini so‘ray boshlashadi. U esa bu og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlardi. 

Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topdi

Shunday kunlarning birida u eski tanishi, buxorolik Valijon Zoyirov bilan suhbatlashib qoladi. Bir necha bor qamalib chiqqan Valijon Zoyirov ham to‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘ldan yuradiganlar xilidan edi. Ixtiyor unga tadbirkor bo‘lgan qayniakasining uyida katta miqdorda pul borligini aytadi. Buni eshitgan Valijon ish xamirdan qil sug‘urganday oson bitishini, sheriklari borligini ma’lum qiladi.  

Shu tariqa qotil kuyov boshchiligida jinoiy guruh tuziladi va “reja” kuni belgilanadi.

“Qotil” skocht

Kelishilgan kunda, 2008 yilning 6 sentabr tunida Ixtiyor 3 nafar buxorolik va 1 nafar qashqadaryolik jinoyatchini tadbirkor qayniakasining uyi yonida qoldirib, o‘zi ortga qaytadi. Rejaga ko‘ra, bir kishi tashqarida qorovullik qiladi, qolganlar hovliga kiradi.

Bosqinchilar hovlining o‘ng tomonidagi xonada kirib, televizor ko‘rib yotgan tadbirkorning ukasi Qodir Egamberdiyevning ustiga tashlanishadi. Ular avvaliga shoshmashosharlik bilan Qodirning qo‘l-oyoqlarini, keyin esa baqirib-chaqirmasligi uchun o‘zlari bilan olib kelgan skocht yordamida og‘zini bog‘lab tashlashadi. Keyin tadbirkor va uning turmush o‘rtog‘i uxlab yotgan xonaga o‘tib ketishadi.

Ammo bosqinchilar shoshganlaridan Qodirning burnini ham qo‘shib o‘rab tashlashgandi. Buning oqibatida u nafas ololmay, o‘lib qoladi.    

 Jinoyatchilar tadbirkor va turmush o‘rtog‘i uxlab yotgan xonaga kirib, tadbirkorga pichoq o‘qtalishadi hamda uydagi pullarni berishni aytishadi. Tadbirkor esa uyida katta miqdorda pul yo‘qligini aytib, qo‘lidagi yoritkichni ularga qarata otadi. Bosqinchilar changalidan amallab ko‘chaga qochib chiqqan Hamza Egamberdiyev qo‘ni-qo‘shnilarni yordamga chaqira boshlaydi. Kutilmagan bu harakatdan shoshib qolgan jinoiy guruh voqeadan joyidan qochib ketishga majbur bo‘ladi.

Kuyov 23 yilga “kesildi”

Jinoyatning boshida kim turganini eshitgan odamlar hayratdan yoqa ushlab qolishadi. Chunki o‘zinikining o‘zagini uzgan kuyov Qodirning ta’ziya marosimlarida bosh-qosh bo‘lgan, qayniakasi bilan yelkama-yelka turib, ko‘zyoshi to‘kkan edi.

Sud hukmi bilan Ixtiyor O‘tbosarov 23 yilga, jinoiy guruhning qolgan a’zolari esa 17 yildan 19 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.  

Navoiy viloyati IIB axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid