Jahon | 17:56 / 18.03.2023
14083
3 daqiqa o‘qiladi

Toni Bler Iroqqa bosqinni Rossiya urushi bilan solishtirmaslikka chaqirdi

Foto: Reuters

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Bler 2003 yilda o‘zi qo‘llab-quvvatlagan holat - Birlashgan Qirollik ishtirokida AQShning Iroqqa bostirib kirishi va Rossiyaning Ukrainadagi urushini taqqoslamaslikka chaqirdi.

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler 2003 yilda o‘zi qo‘llab-quvvatlagan holat - Birlashgan Qirollik ishtirokida AQShning Iroqqa bostirib kirishi va Rossiyaning Ukrainadagi urushi o‘rtasidagi taqqoslashni rad etdi. Bler 18 mart, shanba kuni dpa, AFP, ANSA, EFE agentliklari bilan eksklyuziv intervyusida o‘z nuqtayi nazarini bildirdi. 

Britaniya vazirlar mahkamasi sobiq rahbariga ko‘ra, Iroq prezidenti bo‘lgan Saddam Husayn xalqaro huquqni buzgan holda ikki marta urushda qatnashgan va kimyoviy qurol qo‘llashni buyurgan, ulardan foydalanish ommaviy qurbonlarga olib kelgan. 

Iroqqa kirib borgan va Husaynni ag‘dargan koalitsiya kuchlarining harakatlarini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirishi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi - «bilishimcha, demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti bo‘lgan, mintaqaviy mojarolarni boshlamagan va qo‘shnilarga qarshi tajovuzkorlik qilmagan mamlakatga», dedi Bler. 

Sobiq bosh vazir Putin 2003 yilda BMT Xavfsizlik kengashi mandatisiz amalga oshirilgan Iroqqa bostirib kirish holatidan o‘zining bosqinchilik urushini oqlash uchun foydalanishi mumkinligini tan oldi. 

Ammo agar u bu dalilga murojaat qilmasa, «boshqa bahonani ishlatadi», deydi Toni Bler. 

Rossiya va Xitoyning BMT Xavfsizlik kengashida mavjudligi xalqaro qoidalarga asoslangan dunyo tartibini saqlashni «juda qiyin» qiladi, dedi Britaniya vazirlar mahkamasi sobiq rahbari. 

Iroqqa 45 ming britaniyalik askarni yuborish, ba’zi ekspertlarga ko‘ra, Blerning 10 yil bosh vazirlik davrida qabul qilgan eng ziddiyatli qarorlaridan biri. Bu harakatni oqlash uchun Toni Bler Saddam Husayn rejimi shubhasiz ommaviy qirg‘in quroliga ega ekanligi haqidagi ma’lumotni keltirgan. Biroq, bunday qurol topilmadi. 

Britaniya hukumatining ko‘plab yuridik maslahatchilari ham Iroqda BMT ruxsatisiz operatsiya o‘tkazishning qonuniyligiga shubha bildirgan. Shunday qilib, o‘sha paytdagi maslahatchilardan biri Maykl Vudning aytishicha, Bler ma’muriyatidagi Tashqi ishlar vazirligi rahbari Jyek Stro Vudning Iroqqa qarshi BMT Xavfsizlik kengashining ruxsatisiz va boshqa huquqiy asossiz harbiy kuch ishlatish haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermagan.

Dpa agentligining eslatishicha, Saddam Husayn hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng Iroqda tezda zo‘ravonlik jarayoni boshlandi, natijada yuz minglab odamlar halok bo‘ldi. IShID terrorchilik tashkiloti ham siyosiy betartiblikdan unumli foydalanib, mamlakatning katta qismini vaqtincha o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi. 

Mavzuga oid