Jahon | 20:02 / 22.03.2023
6768
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda «Amanat» partiyasi parlament saylovida g‘alaba qozondi 

Hukmron «Amanat» partiyasi quyi palatadagi ko‘pchilikni saqlab qolishga erishdi. 

Foto: AFP

Qozog‘istonda hukmron «Amanat» partiyasi parlament saylovida 53,9 foiz ovoz to‘pladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Nurlan Abdirov matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

20 mart kuni Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, oltita partiya Majlisga kirdi. 

Ovozlar quyidagicha taqsimlandi:

«Amanat» partiyasi – 53,9%;

«Ovul» Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasi – 10,9%;

«Respublika» partiyasi – 8,59%;

«Aq Jo‘l» demokratik partiyasi – 8,41%;

Qozog‘iston Xalq partiyasi – 6,8%;

Milliy sotsial-demokratik partiya – 5,20%;

«Baytak» yashil partiyasi - 2,13%.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ham dastlabki natijalar e’lon qilindi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 23 ta saylov okrugida hukmron «Amanat» partiyasi, yana oltita saylov okrugida o‘z-o‘zini ko‘rsatgan nomzodlar g‘alaba qozongan. 

«Amanat» uchun qariyb 54% ovoz - partiyaning oldingi barcha saylovlardagi, shu jumladan 2021 yilda o‘tkazilgan oxirgi saylovlardagi natijalaridan sezilarli darajada past (2007 yildan beri eng yomon natija - 71%). 

Biroq bu natija ham hukmron partiyaga quyi palatadagi ko‘pchilikni saqlab qolish imkonini beradi. Eng yaqin «raqobatchi» «Ovul» partiyasi ham xuddi shu so‘rovnomalarga ko‘ra, taxminan 10 foiz ovoz to‘plamoqda. 

Saylov natijalariga ko‘ra, «Amanat» parlamentda kamida 60 o‘rin, «Ovul» partiyasi – 7-8 o‘rin, «Respublika» va «Aq Jo‘l» partiyasi – 6-7 o‘rin, Qozog‘iston Xalq partiyasi – 5-6 o‘rin, MSDP - 4-5 o‘ringa ega bo‘ladi. Yana olti nafar deputat parlamentga kirish vaqtida partiyalar vakili bo‘lmaydi, biroq fraksiyalardan biriga kirishi mumkin. 

19 mart kuni parlament va maslihatlarga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu sanani mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2023 yil 19 yanvarda sobiq parlament tarqatib yuborilganidan keyin belgilagan edi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berishda 6 million 366 ming 441 nafar fuqaro ishtirok etdi – bu mamlakat aholisining 54 foizi. 

Mavzuga oid