O‘zbekiston | 17:12 / 23.03.2023
105622
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Umrzoqov Toshkent shahrining yangi hokimi bo‘ldi

U muqaddam ko‘p yillar prokuratura tizimida ishlagan, 2018 yildan buyon «O‘zavtosanoat»ga rahbarlik qilib kelmoqda.

Foto: Kun.uz

«O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Bo‘ronovich Umrzoqov nomzodi Toshkent shahar hokimi lavozimi uchun ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» bir necha manbasiga tayanib xabar berdi.

  • Ko‘p o‘tmay prezident administratsiyasiga yaqin hisoblangan Davlat boshqaruvi telegram-kanali esa Shavkat Umrzoqovni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida e’lon qildi.

Shavkat Umrzoqov 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam prokuratura tizimida ishlagan, 2011 yil iyunidan 2013 yil sentabriga qadar Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan, 2013-2018 yillarda O‘zbekiston bosh prokuraturasida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2018 yil iyunida «O‘zavtosanoat» raisi etib tayinlangandi.

«Mehnat shuhrati» ordeni (2020) va «Sodiq xizmatlari uchun» medali (2013) bilan taqdirlangan.

  • Eslatib o‘tamiz, 2018 yil aprelidan buyon Toshkent shahriga hokimlik qilib kelgan Ortiqxo‘jayev 2023 yilning ilk haftalarida shaharda elektr va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammo yuzaga kelishi ortidan 16 yanvar kuni ishdan bo‘shatildi.
  • Shundan so‘ng, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid