Jahon | 09:44 / 24.03.2023
13188
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya «radioaktiv sunami» keltirib chiqaruvchi qurol haqida ma’lum qildi

Janubiy Koreya va AQShdagi tahlilchilar Shimoliy Koreyaning yadroviy qurolga ega suvosti droni haqidagi da’vosini shubha ostiga olishmoqda.

Foto: Yonhap

Shimoliy Koreya yadroviy qurol olib yurishga qodir bo‘lgan yangi suvosti dronini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Pxenyan 24 mart, juma kuni ma’lum qildi. Uning vazifasi, aytilishicha, operatsion zonaga yashirincha yetib borish va suvosti portlashidan foydalanib, dushman kemalari guruhlari va asosiy portlarini yo‘q qilish uchun «o‘ta kuchli radioaktiv sunami»ni keltirib chiqarishdir.

Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmaning sinovdan o‘tkazilishi AQSh va Janubiy Koreyaning yaqinda o‘tkazgan qo‘shma mashg‘ulotlariga javob bo‘lgan. U, KXDR ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyatni yomonlashtirgan. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In jarayonni nazorat qildi. KMTA, shuningdek, 22 mart, chorshanba kuni Pxenyan «yadro kallagiga o‘xshash jangovar kallak bilan jihozlangan» strategik qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berdi.

13 mart kuni boshlangan besh yil ichidagi eng yirik Janubiy Koreya-AQSh qo‘shma manyovrlari fonida Shimoliy Koreya bir nechta raketa uchirishlarini amalga oshirdi. Xususan, o‘tgan haftada «yadroviy kallak maketi bilan jihozlangan taktik ballistik raketaning uchirilishi» sodir bo‘ldi. Janubiy Koreya Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR tomonidan uchirilgan qisqa masofali raketa dengizga tushgan.

Biroq, AFP xabariga ko‘ra, tahlilchilar Shimoliy Koreyaning «radioaktiv sunami»ni keltirib chiqaradigan qurol haqidagi da’volariga shubha bilan qaragan. Pxenyanda «yadroviy qurol olib yurishga qodir suvosti droni bor» degan fikrga shubha bilan qarash kerak», dedi Seuldagi Ixva universiteti professori Leyf-Erik Isli. Amerikalik tahlilchi Ankit Panda fikricha, Pxenyanning bayonoti «aldashga urinish» yoki «psixologik operatsiya» ekanligini inkor etib bo‘lmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid