G‘arbdan kelgan yangi tanklar va Slovyanskka zarba oqibatlari. Urush suratlari
Ukrainada urushning 397-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya qo‘shini Slovyanskni o‘qqa tutdi. Mahalliy rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lib, 30 dan ortiq kishi yaralangan. Ma’muriy va ofis binolari, beshta ko‘p qavatli uy va yettita xususiy uy vayron bo‘lgan.
- Tula yaqinidagi Kireyevsk aholi yashash punktida ukrainlarning o‘q-dori ortilgan droni portladi. Mahalliy rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan uch kishi jabrlangan. Ukraina tomoni bu hujumga izoh bermagan. Bu so‘nggi oylarda Tula oblastining Kireyevsk rayonida ro‘y bergan ikkinchi portlashdir.
- Ukrainaga G‘arbdagi ittifoqchilar va’da qilgan tanklar yetib keldi — britanlarning Challenger 2, nemislarning Leopard 2 tanklari, shuningdek jangovar piyodalar mashinalari — Amerikaning Stryker va Germaniyaning Marder rusumli ulovlari.
- The Insider Qrimdagi «Drujba» lagerida Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarga zo‘ravonlik ishlatgan kishining shaxsini aniqladi. Bu «Berkut»ning sobiq a’zosi, 2014 yilgi Maydan voqealari chog‘ida Viktor Yanukovich tomonida turib ishtirok etgan Valeriy Astaxov. Qrim annexia qilingach u Rossiya fuqaroligini qabul qilgan va Yevpatoriyada IIVga ishga kirgan.
- Rossiya IIV «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» komandiri Denis Kapustinni qidiruvga berdi. Uni tadbirkor va «Tsargrad» telekanali asoschisi Konstantin Malofeyevga suiqasd uyushtirish va mart oyi boshida Bryansk oblastidagi qishloqqa «diversantlar hujumi»ga, shuningdek 2022 yil avgustida Volgograd oblastidagi neft-gaz obektlariga «diversiya-terrorchilik akti» tashkillashtirishga aloqador deb hisoblashmoqda.
G‘arb ittifoqchilarining yangi harbiy texnikalari Ukrainada
Ukraina hududiga britanlarning Challenger 2, nemislarning Leopard 2 A6 tanklari, shuningdek piyodalarning jangovar mashinalari — amerikaliklarning Stryker va nemislarning Marder rusumli texnikalari yetib keldi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov xabar qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon «yangi mashinalarni zirhli bo‘linmalarda sinovdan o‘tkazgan». Bundan tashqari, London Ukrainaga Challenger 2 tanklari uchun kuchsizlantirilgan uranli snaryadlarni yetkazib berishi kerak — bunday o‘q-dorilar «zamonaviy tank va zirhli texnikalar» zirhini teshib o‘tishda ancha samarador hisoblanadi.
Vladimir Putin bu qarorni G‘arb mamlakatlari «so‘zda emas, amalda ham so‘nggi ukrain qolgunicha Rossiya bilan jang qilishga tayyorligi» deb baholadi; mudofaa vaziri Sergey Shoygu [yadroviy eskalatsiya bo‘ylab] «yana bir zinadan o‘tilgani, [zinalar] esa borgan sari kamayib borayotgani»ni aytdi; TIV rahbari Sergey Lavrov Buyuk Britaniya rejalarini xalqaro humanitar huquqning buzilishi deb baholadi.
Bundan tashqari, Putin Belarus hududiga taktik yadro qurollari joylashtirilishiga va’da berdi va Aleksandr Lukashenko buni anchadan buyon so‘rab kelayotganini qayd etdi. Lukashenkoning o‘zi RF prezidentining bu bayonotiga munosabat bildirmadi. Yevroittifoqdagilar bu qadam yangi sanksiyalarga sabab bo‘lishini, AQShdagilar esa — Putinning so‘zlari Amerika strategik yadro kuchlari ish tartibini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.
Slovyansk o‘qqa tutilishi oqibatlari
Rossiya qo‘shini 27 mart tongida Slavyanskka raketa zarbasi yo‘lladi — Donetsk oblastidagi bu shahar 2014 yildan buyon o‘qqa tutib kelinadi. Kun oxirida shahar meri Vadim Lyax hujum oqibatida mahalliy aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgani va 36 kishi yaralangani haqida xabar berdi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoga ko‘ra, shaharda bir qancha ma’muriy va ofis binolari, beshta ko‘p qavatli uy va yettita xususiy uy vayron bo‘lgan.
«Dushman bilishi kerak: Ukraina odamlarimiz ustidan masxaralashni kechirmaydi, bu o‘limlar va yaralarni kechirmaydi. Barcha rossiyalik terrorchilar yakson etiladi. Bu tajovuzga aloqador bo‘lganlarning barchasi javobgarlikka tortiladi», — deya izoh berdi bu hodisaga Volodimir Zelenskiy.
Rossiya Slovyansk o‘qqa tutilgani yuzasidan munosabat bildirmagan.
Quyida shaharda ushbu hujum oqibatlari aks etgan suratlar.
Donbassdagi ukrain artilleriyachilari
Rossiyaning Donetsk oblastidagi yurishi davom etmoqda. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko 27 mart kuni xabar berishicha, kun davomida RF armiyasi zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan; bir necha bino vayron bo‘lgan. Kirilenkoga ko‘ra, rossiyaliklar Seversk (Donetskdan taxminan 100 kilometr shimolda), Avdiyivka (Donetskdan 20 kilometr shimolda) va Kuraxovo (Donetskdan 40 kilometr g‘arbda) shaharlarini, shuningdek Horlivka va Lisichansk yo‘nalishidagi bir necha qishloqlarni o‘qqa tutgan. RF mudofaa vazirligi o‘z svodkasida mazkur aholi yashash punktlarini tilga olmagan.
Bundan tashqari, rossiyaliklar Baxmutni shturm qilishda davom etmoqda — bu ularning 2022 yil yozidan buyon Donbassdagi asosiy nishoni. Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylarining hozirgi maqsadi — raqib kuchlarini holdan toydirish hisoblanadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari «xaritada emas, balki jang maydonida real natijaga erishish» uchun kelishilgan holda harakat qilmoqda. Rossiya tomoni Baxmut yo‘nalishidagi vaziyat yuzasidan izoh bermagan.
Xarkiv oblastidagi hayot
Kiyevda ukrainalik harbiy xizmatchining dafn marosimi
Mavzuga oid
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30 / 10.11.2024