O‘zbekiston | 19:20 / 05.04.2023
9375
3 daqiqa o‘qiladi

XDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi

5 aprel kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazi xiyobonida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Mening Konstitutsiyam” shiori bilan yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Foto: XDP

Tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar,  jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

250 ga yaqin shijoatli yoshlar va faol xotin-qizlar, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan buxoroliklarni jamlagan tadbir davomida ko‘tarinki kayfiyat hukmronlik qildi.

Muhtasham tarixi, tabarruk ziyoratgohlari, ulug‘ allomalari bilan dunyoga mashhur zaminda bugun ham mard va tanti, uddaburon, mehnatkash va fidoyi insonlar yashaydi, yoshlari bilim olishda, sportda o‘rnak va ibrat ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, ilmga, yangiliklar va islohotlarga chanqoq buxoroliklar ertangi kuni, taqdirini belgilab beradigan siyosiy jarayonlar, yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq emas.

Tadbir avvalida yangilanayotgan Konstitutsiya inson haqidagi eng oliy hujjat ekani, unda insonning baxtli bo‘lishi uchun eng muhim qoidalar belgilab qo‘yilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, butun respublikadagi partiya elektorati vakillari, deputatlar va faollardan olingan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati mazmunan yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topayotgani, bu katta ijtimoiy-siyosiy yutuq ekanini qayd etdi.

Eng asosiysi, O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qat’iy belgilanib, keyingi moddalarda bu qoida rivojlantirilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz adolatli haq olish huquqiga ega ekani, 43-moddada fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, 47-moddada esa har kim uy-joyli bo‘lish huquqini kafolatlash uchun sharoit yaratish davlatning zimmasida bo‘lishi belgilab qo‘yilyapti.

Bayramona kayfiyatda o‘tgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi me’yor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

Muloqot so‘ngida oilasi, farzandlari, yaqinlari yaxshi yashashi, o‘z yurti tinchligi va farovonligini istaydigan har bir yurtdoshimiz muhim siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmasdan, referendumda o‘z fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.

Xalq demokratik partiyasi axborot xizmati

Mavzuga oid