O‘zbekiston | 15:26 / 07.04.2023
22553
2 daqiqa o‘qiladi

Akmal Mahmudaliyev Sirdaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi

Sirdaryo viloyati hokimligi binosida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiya ishtirokchilari tomonidan Akmal Mahmudaliyev bir ovozdan Sirdaryo viloyati hokimi vazifasiga ma’qullandi. 

Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Shavkat Mirziyoyev viloyatning yangi hokimiga vazifalarini eslatib o‘tdi:

"Mahmudaliyevning endigi vazifasi – bugun aytilgan reja va tashabbuslarni hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirish. Agar Mahmudaliyev shuni qila olsa, odamlarimiz rozi bo‘ladi. Xalq vakillari yuksak ishonch bildirgan Akmal Azimjonovich Mahmudaliyev endi o‘z faoliyatida faqat adolat, sadoqat, halollik va fidoyilik bilan Sirdaryo viloyati ahliga astoydil xizmat qilishi lozim", dedi prezident.

Shuningdek, bugundan boshlab, yangi hokim, o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar hokimlari, sektor rahbarlari, faollar, tadbirkorlar va yoshlar bir yoqadan bosh chiqarib, har bir tuman va shahar, qishloq va mahallaga innovatsiya olib kirishi shartligi ta’kidlandi.

Akmal Mahmudaliyev 2022 yil noyabrida  Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi

Bundan oldin u Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid