Jahon | 17:01 / 07.04.2023
9783
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Turkiyada Ukraina bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini istisno etmadi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Anqarada turkiyalik hamkasbi bilan uchrashdi. Lavrov Qora dengiz don tashabbusining uzaytirilishi va Blinken bilan muzokara o‘tkazish imkoniyatiga to‘xtaldi.

Foto: AFP

Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralar faqat «yangi dunyo tartibi qanday tamoyillarga asoslanishini» muhokama qilish zarurligini hisobga olgan holda o‘tkazilishi mumkin. Bu fikrni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bildirdi. U 7 aprel, juma kuni turkiyalik hamkasbi Mavlud Chavusho‘g‘li bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda gapirdi. «Bu muzokaralar faqat <...> Rossiyaning qonuniy xavotirlariga asoslanishi mumkin», deb hisoblaydi Lavrov.

Aprel oyi oxirida Nyu-Yorkka tashrif chog‘ida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashish rejalashtirilmoqdami, degan savolga Lavrov Rossiya hech qachon muloqot bo‘yicha «jiddiy takliflarni» rad etmasligini aytdi.

Avvalroq, 2 aprel kuni Blinken Lavrov bilan telefon suhbatida The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovich va «nohaq qo‘lga olingan AQSh fuqarosi Pol Uilan»ni ozod qilishga chaqirgan edi.

Rossiya vaziri, shuningdek, Qora dengiz don tashabbusini uzaytirish masalasiga ham to‘xtaldi. Moskvaga ko‘ra, ushbu paketning Rossiya qismi «umuman amalga oshirilmayapti». 18 mart kuni Moskvada «ushbu kelishuvni atigi 60 kunga uzaytirish taklif qilinganini» Lavrov «vaziyat og‘irlashuvi», deb atadi. «Agar Rossiya o‘g‘itlari va g‘alla eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishda bundan keyin ham olg‘a siljish bo‘lmasa, unda bu kelishuv zarurmi yoki yo‘qmi, shu masalani ko‘rib chiqamiz», — dedi Rossiya TIV rahbari. 

O‘z navbatida, Turkiya bahorda Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlari davomiyligi oshishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining aytishicha, Anqara muzokaralarni olg‘a surish uchun sa’y-harakatlarini davom ettiradi. 

Bundan tashqari, vazir Turkiya Ukraina portlaridan g‘alla va boshqa tovarlarni xavfsiz eksport qilishni ta’minlovchi kelishuvni uzaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi. «Biz nafaqat Rossiya va Ukrainadan g‘alla va o‘g‘it eksporti bo‘yicha kelishuvni davom ettirishga, balki global oziq-ovqat inqiroziga barham berishga katta ahamiyat qaratamiz», — deya Chavusho‘g‘lining so‘zlarini keltiradi Reuters. «Biz, shuningdek, Rossiya don va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash kerak degan fikrga qo‘shilamiz. G‘alla bo‘yicha kelishuvni yanada uzaytirish masalasini hal qilish kerak», - dedi u. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid