Jahon | 21:14 / 07.04.2023
16013
2 daqiqa o‘qiladi

«Qambar Ota-1» GES qurilishi bo‘yicha muammolar sanab o‘tildi

Qirg‘izistonda qurilishi rejalashtirilgan GES loyihasida O‘zbekiston ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

Foto: president.kg

Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada energiya balansiga erishish uchun rejalarni muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega. Bu haqda qirg‘izistonlik iqtisodchi Kubat Rahimov so‘zlarini Kaktus.media keltirdi. 

Rahimov Markaziy Osiyoda yagona energiya bozorini yaratish bo‘yicha rejalar qanchalik dolzarb ekanini baholashga chaqirdi. 

«Biz bir-birimizga juda bog‘langanmiz. Agar gidroenergetika, issiqlik generatsiyasi, atom generatsiyasi va yagona bozor haqida qanday muloqot qilishni tushunib olsak, «Qambar Ota-1» GES qurilishi iqtisodiy modelining konturlarini aniqlab olamiz. Hozircha, Qozog‘iston buncha beradi, O‘zbekiston shuncha beradi, Qirg‘iziston buncha ajratadi, xalqaro institutlar shuncha degan aniq imzolangan hujjatlarni ko‘rmayapman», dedi u. 

2023 yil 3 fevral kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston «Qambar Ota-1» GES qurilishini o‘rganishga kirishganini ma’lum qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari Yevrosiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda ishlab chiqiladi. 

2023 yil 6 yanvar kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston «Qambar-Ota-1» GES bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Uning loyiha qiymati taxminan 3 mlrd dollarga baholangan.

Mavzuga oid